quruq
bilan ulashing
1. Suvi, nami batamom yoki qis-man qochgan, suvini, namini batamom yoki qisman yoʻqotgan; suvi, nami yoʻq yoki oz.
-
Quruq oʻtin. Quruq shamol. Toʻqayga oʻt tushsa, hoʻl-u quruq baravar yonar. Maqol
-
Normat rotaga kelishi hamon starshina Vanya Velikan uni blindajda yechintirib, quruq kiyimlarga oʻradi. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Toʻtiqiz tomning quruq koʻkatlari ustida koʻchani tomosha qilib, gilos yeb yotdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
2. Yogʻingarchilik kam boʻlgan yoki boʻladigan; yogʻin-chochinsiz.
-
Quruq iqlim. Bu yil yoz quruq keldi.
3. Maxsus quritilgan, qurigan.
-
Quruq meva. Quruq beda. Quruq choy. Quruq goʻsht.
4. Quruqshagan, qurushiq.
-
Quruq lablarini bazoʻr qimirlatib, harsillab dedi Gulnor: — badanim yonib boradi. Oybek, Tanlangan asarlar
5. Suvi yoʻq; suvi qurigan.
-
Quruq sahro. Quruq daryo.
-
Karvonlar oʻzgartirdilar yoʻlni, Tashlab bu quruq choʻlni Z. Diyor
-
— Yozda bu yerga ham suv keladi, — dedi Hamidjon mening quruq gʻisht ariqlarga tikilib borayotganimni koʻrib. Oʻ. Umarbekov, Choʻlda bir kun
6. koʻchma Ichida hech narsasi yoʻq, boʻsh.
-
Quruq uyga koʻchib kirmoq. Quruq qoshiq ogʻiz yirtadi. Maqol
-
Nomi ulugʻ, suprasi quruq.
-
[Boy] Xatni kursi ustidagi quruq patnis tagiga qistirdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Mudofelarga inʼomlar ulashilib bitdi-da, hudaychi oʻzining quruq xurjuni bilan Azizbek qoshiga kelib qulluq qildi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
7. Biror narsa toʻshalmagan, yalangʻoch.
-
— Ostingga nima toʻshaysan? — Qishda poxol, yozda quruq yerda yota beraman. S. Ayniy, Qullar
-
Gulnor ayvonda quruq boʻyra ustida oʻtirib, mahsi kiyish bilan ovora ekan, Un-sin kirib keldi. Oybek, Tanlangan asarlar
8. koʻchma Hech narsasiz.
-
Toʻyga quruq bormoq. Bozordan quruq kelmoq. Ovdan quruq qaytmoq.
-
Boʻta quruq choyni nonsiz issiq-issiq hoʻplab oʻrnidan turdi. S. Ahmad, Hukm
-
Usmonjon uni [pulni] yoʻlkira qilib, uyga quruq kirib keldi. S. Zunnunova, Gulxan
9. Faqat, birgina.
-
Maktabda shunaqa narsalarni oʻrgatmasa, nimani oʻrgatadi? Quruq ilm bilan bola bola boʻlar ekanmi? A. Qahhor, Ayb kimda?
10. koʻchma Amalga oshmaydigan, behuda, puch.
-
Quruq xayol. Quruq vaʼda. Quruq gap qilmoq. Quruq gap quloqqa yoqmas. Matal
-
Oʻtgan yil ham xuddi shunday boʻlgandi: Quruq soʻzga silosxona toʻlgandi. A. Poʻlat
-
Olifta yigit, quruq qochirimga bu belbogʻlar yechilmaydi. Hamza, Paranji sirlari
11. koʻchma Tagi puch, asossiz, uydirma.
-
Quruq daʼvo. Quruq raqamlar.
-
Daʼvongizga biror isbotingiz bormi yoki quruq bir gapmi, isbot qila olasizmi? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Quruq ovoza — turarjoy emasligini oʻzing ham bilsang kerak, direktor [dedi Suvonqul]. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Yusufbek hoji yuqorida oʻtgan gaplarni quruq va asossiz aytmagan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
12. Astoydil yoki samimiy boʻlmagan, shunchaki, yuzaki.
-
Quruq poʻpisa. Quruq mulozamat. Quruqqina koʻrishmoq.
-
Lekin quruq doʻq quruqligicha qolaveribdi T. Obidov, Yusufjon qiziq
-
Gap quruq boʻlmasin uchun, ikki ellik xat yozib ber, olib boray. A. Qahhor, Sarob
13. koʻchma salb. Biror foydali ish-amali yoʻq, biror maʼno chiqmaydigan.
-
Quruq olim.
-
Qurolov dangasa emas. Lekin oʻta quruq odam, unda iroda degan gap yoʻq. Gazetadan
-
Klubda bu kadar sovuq, quruq koʻringan bu odam shunday xushchaqchaq, shunday gapga usta ekanki, asti koʻying. A. Qahhor, Quyushqon
quruq soʻzi qatnashgan jumlalar:
Qatordan quruq qolma
Quruq qolmoq
-
Palovdan Quruq qolmoq. Ziyofatdan quruq qolmoq. Tomoshadan quruq qolmoq.
-
Hali Qumriga ishonib, Sanobardan ham quruq qolmasam yaxshi edi. B. Rahmonov, Yurak sirlari
Quruq qoʻymoq
-
Ter toʻkib sochsang urugʻ, yer seni koʻymas quruq. Matal
Aravani quruq (yoki quruq aravani) olib qochmoq
Oʻzini quruqqa olmoq (yoki tortmoq)
-
Salim ham butun aybni Yoʻlchiga agʻdarib, oʻzini quruqqa tortdi. Oybek, Tanlangan asarlar
QURUQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚУРУҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
quruq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar