saqla
bilan ulashing
1. Ehtiyot qilmoq; ehtiyotkorlik bilan (biror joyda) asramoq, asrab-avaylab ishlatmoq.
-
Sandiqda pul saqlamoq. Omborda qish uchun gʻalla saqlamoq.
-
Mahsini uch kun hayitda kiyib, saqlab qoʻygandim, ana uni pullab, tagcharm olamiz. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Mana, oʻshal nafis gulingni Kitobimda saqladim bir yil. T. Toʻla
-
butun orttirganini tishining kovagida saqlab toʻplaydi-da, bir jiyron qashqa ot oladi va dovondan soʻnggi marta ot minib oʻtadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
2. Tashqi taʼsirdan muhofaza qilmoq; aynish, buzilish-yorilish, nest-nobud boʻlishdan, barbod boʻlishdan asramoq, ehtiyot qilmoq.
-
Oilani saqlab qolish uchun, farzandlarim uchun harakat qildim, lekin iloji boʻlmadi. Gazetadan
-
Archa togʻ yonbagʻirlaridagi tuproqni suv va shamol eroziyasidan saqlaydi. Gazetadan
3. Ehtiyot qilib, asli holati, xususiyati yoki koʻrinishini oʻzgarishsiz olib qolmoq.
-
Kampir xolamiz bu sandiqlarda eng oldin behi saqlagan boʻlsa ajab emas. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Layloning onasi. elliklardan oshgan, lekin hali ham oʻzini yaxshi saqlagan, zuvalasi pishiq ayol ekan. M. Qoriyev, Oydin kechalar
-
Fikrimizcha, har qanday sharoitda juftlik xususiyatini saqlagan juft soʻzlar lugʻatlarda berilishi lozim. OʻTA
4. Biror kimsaga atab yoki biror maqsad uchun (buyum yoki yemishlarni) asrab qoʻymoq.
-
Bularni kimga saqlab qoʻyibsiz?
-
Suluvning miyasiga bir fikr kelib, mixday sanchildi: otasi eng soʻnggi kuchini faqat qasos uchun saqlab olib kelgan. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
Men unaqa kek saqlaydiganlardan emasman. S. Ahmad, Hukm
5. Himoya, muhofaza, gʻamxoʻrlik qilmoq, qoʻriqlamoq.
-
Davlat chegaralarini saqlamoq. Xalqlarning tinchligini saqlamoq.
-
Bugungi kunda insoniyat oldida nihoyatda muhim muammo turibdi, u ham boʻlsa, yer yuzida tinchlikni saqlab qolish. Gazetadan
-
Tabiatni muhofaza etish, hayvonot dunyosini saqlash hozirgi davrda muhim ahamiyatga ega. Gazetadan
6. Xalos qilmoq, qutqarmoq; omon qoldirmoq.
-
Oʻlimdan saqlamoq. Halokatdan saqlamoq.
-
Mening burchim — oʻlayotgan odamning oldida boʻlish, — dedi u, — ehtimol, uning jonini saqlab qolarman. K. Yashin, Hamza
-
Shunda Qilichqora aytibdi: — Ajdardan elni saqlaydigan mard topiladimi? Ertaklar
7. Biror xatti-harakatdan qaytarmoq, toʻxtatib qolmoq, tiymoq.
-
Yomon soʻzdan saqla doim tilingni. Nurali
8. Rioya qilmoq, muayyan holatga amal qilmoq; sukut saqlamoq.
-
Tartib-odob, intizom saqlamoq.
-
Juvon oʻzini tartibga solib boʻlguncha, joyidan qimir etmay, odob saqlab turardi. J. Abdullaxonov, Xonadon
9. Belgi, iz, nishona olib qolmoq.
-
Saqlab qopti odam izlarin Bu togʻlarning musaffo qori. Sh. Rahmon
-
Bu osori atiqalar oʻzida oʻtmish nafasini saqlab qolgan. Gazetadan
-
Har bir oʻtkinchining qiyofasini yodda saqlab qolish uchun butun fikr-u oʻylari, idroklarini bir nuqtaga toʻplab turibdilar. S. Ahmad, Yulduz
10. Doimiy ravishda qadrlamoq, ehtirom bilan eslamoq.
-
U [Alimardon] chinakam sanʼatni qalbining toʻrida saqlashga qodir boʻlgan chinakam shinavandalar ozmuncha emasligini bilmas, bilishni xohlamas edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
11. Asramoq, boqmoq, tutmoq.
-
Xizmatchi saqlamoq. Qush saqlamoq.
saqla soʻzi qatnashgan jumlalar:
Jon saqlamoq
-
— Qochib qolganmi? — dedilar otam, — bostirmada berkinib, jon saqlagan boʻlishi ham mumkin. Sh. Xolmirzayev, Yoʻllar, yoʻldoshlar
Sir saqlamoq
-
Men bu sirni shu chogʻgacha ichimda saqlab kelayotgan edim, endi aytmasam boʻlmaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Hatto ota-onasidan ham sir saqlagan bir yigitning oʻz oʻgʻlim boʻlib chiqqani menga qiziq koʻrinadir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Xudo saqlasin
-
Odamlarning yuziga qaray olmaydigan boʻlib qolishdan xudo saqlasin. T. Ashurov, Oq ot
Esda (yoki yodda, xotirada) saqlamoq
Oʻz qoʻlida saqlamoq
-
Hokimiyatni oʻz qoʻlida saqlamoq.
SAQLA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
САҚЛА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
saqla so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar