soya
bilan ulashing
Dukkaklilar oilasiga mansub, loviyaga oʻxshash bir yillik oʻsimlik va uning oziq-ovqat sanoatida keng qoʻllanadigan doni.
-
Soya unidan sut, tvorog, qandolat mahsulotlari tayyorlashda foydalaniladi. OʻzME
1. Quyosh nuri tushmaydigan salqin joy; koʻlanka.
-
Soyada dam olmoq. Yongʻoq butun hovlini soya qilib turibdi. Sada soya berar, tol xoda berar. Maqol
-
Ortiq, suvsizlik yurak-bagʻrini oʻrtab, issiqqa chidamay, yulgʻun tagiga suriladi, boshini soyaga olib, qoʻllarini qumga tiqib, salqin izlaydi. M. Mansurov, Yombi
-
Shuncha qildim tol daraxtni parvarish, Soyasi bor, mevasini koʻrmadim. Qoʻshiqlar
2. Yorugʻlikni, nurni toʻsuvchi narsalardan tushgan tasvir, koʻlanka.
-
Egrining soyasi ham egri. Maqol
-
Qoʻrqoq ot oʻz soyasidan qoʻrqar. Maqol
-
Terakning soyasi tagiga tushmas. Maqol
-
Chodirning cheti koʻtarilib, maykachan boʻlib olgan Azizxoninng soyasi koʻrindi. S. Ahmad, Ufq
3. koʻchma Sharpa, koʻlanka.
-
[Qudrat:] Urushning shum soyasi bu yerga ham yetibdi. N. Safarov, Uygʻonish
-
Vazir: — Podshoning oʻzi xudoning soyasi, podsho soʻzi Qurʼon emasmi, laʼnati! Qani, xaloyiq qayerda, darrov ayt!— dedi. Tohir va Zuhra
-
— Voy, Rohilaning oʻgʻli kelibdimi?! Rohila shoʻrlik kutaverib, soya boʻlib qoluvdi. Bir joyga aytgani bor ekan, bearmon oʻladigan boʻldi, — dedi enamiz sevinib. Yoshlik
4. koʻchma Homiylik, panoh.
-
Maʼqul, maʼqul, boy ota, soyayi davlatingiz kam boʻlmasin. Oybek, Tanlangan asarlar
-
— Bizdan Toʻraxoʻjayevga koʻpdan-koʻp duo deng, taqsir! Biz bu yerlarda oʻsha odamlarni soya qilib yuribmiz,— dedi Madamin. P. Tursun, Oʻqituvchi
soya soʻzi qatnashgan jumlalar:
Soya solmoq (yoki tashlamoq)
-
Shipga osigʻliq qirqinchi chiroqning qalpogʻi uy devorlarining tepa yogʻiga choʻziq soya solgan. H. Gʻulom, Mashʼal
-
U [Aziza] quyuq soya tash-lagan daraxt ostiga oʻtirib, xayolga toldi. Yoshlik
-
— Kumush menga tik qarolmas, yuzlariga xijolat soya solgan edi, — dedi Kamoliddin. T. Jalolov, Oltin qafas
Soya qaytdi
-
Kechki payt, soya qaytganda, Anzirat xola unga [Sidiqjonga] darichaning oldidagi supaga joy qilib berdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Oftobni soyaga yetkazmay (yoki keltirmay)
-
[Xolmat:] Tasaddugʻingiz ketay. Doʻppisini olib kel, desangiz, axir biz jallod kimning ajazi yetsa, poyqadamingizda oftobni soyaga yetkazmay, boshini kesib keltiramiz-da! Hamza, Boy ila xizmatchi
Soyada qoldirmoq
-
Yillar oʻtgan sari Islomxonning taʼrifi koʻp ustalarni soyada qoldirib ketdi. M. Ismoiliy, Odamiylik qissasi
Soyada qolmoq
-
Joʻra polvon brigadasiga andijonlik polvonlarni tanlab olgan edi, ammo birontasi Azizxonga yetolmas, uning soyasida qolib ketardi. S. Ahmad, Ufq
Soyasi yupqa
-
[Gulchehra:] Kelin-poshshaning soyasi juda yupqa, til tekkizmanglar unga. Oybek, Ulugʻ yoʻl
Soyasiga koʻrpacha solmoq (yoki salom bermoq)
-
— Qoʻrqdingizmi? — deydi Abdujalil tegirmonchi oʻz daʼvosiga asos solib, — qishloq xalqi bizning soyamizga salom beradi. A. Qodiriy, Obid ketmon
-
U [Yaxshiboyev] keldi nima-yu kelmadi nima, bogʻ qilmoqchi boʻlsa, ana, mendan boshqa mingta bogʻbon bor, soyasiga koʻrpacha soladigan shogirdlari koʻp, mayli, oʻshalar ekib, oʻshalar koʻkartirib bera qolsin. M. M. Doʻst, Lolazor
Oʻz soyasidan qoʻrqmoq (yoki choʻchimoq, hadiksiramoq, hurkmoq)
-
Qoʻrqoq ot soyasidan hurkar. Maqol
-
Yaxshi emas, Farmonqul aka, nega quyonga oʻxshab oʻz soyangizdan hadiksiraydigan boʻlib qoldingiz? S. Mahkamov, Shogird
SOYA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
СОЯ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
soya so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar