so‘z
bilan ulashing
1. tilshunoslik Oʻz tovush qobigʻiga ega boʻlgan, narsa-hodisalar, jarayonlar, shaxslar, belgi va miqdorlarni, xususiyatlarni, harakat va holatni, aloqa va munosabatlarni nomlash uchun xizmat qiladigan, mustaqil lugʻaviy maʼnoga ega boʻlgan, shuningdek, turli grammatik maʼno va vazifalarda qoʻllanadigan eng muhim til birligi; gapning qurilish materiali.
-
Tub soʻz. Yasama soʻz. Qoʻshma soʻz. Soʻz birikmasi. Soʻz tarkibi. Soʻz yasalishi.
-
Soʻzning tovush va maʼno tomoni bor. Lekin har qanday tovush yigʻindisi soʻz boʻlavermaydi. OʻzME
2. Biror maʼno turiga, uslubga oid shunday birlik (tilda, nutqda ifoda vositasi sifatida).
-
Dagʻal soʻz. Beadab soʻz. Soʻzdan soʻzning farqi bor, oʻttiz ikki narxi bor. Maqol
-
ne-ne oshiqlarni rad qilgan bu goʻzal juvon bir boʻz bolaning ikki ogʻizgina shirin soʻziga zor boʻlib, qorongʻilik qaʼriga umidsiz tikilib turardi. S. Ahmad, Ufq
-
Aftidan, borligʻimiz Mastura bilan band, quyunday charx urayotgan taassurotlar, fikrlar, tuygʻularni ifoda qilgani soʻz topolmas edik. A. Qahhor, Ming bir jon
3. Soʻzlashuvda, gapda, nutqda shunday vositalardan foydalanish qobiliyati, sanʼati.
-
U soʻzda yoʻqroq.
-
U kishining soʻzlari kitobda ham yoʻq, shunday maʼnoli ana soʻzga ustalik. Oybek, Tanlangan asarlar
4. Maqol; matal; ibora.
-
Qochirim soʻzlar. Hikmatli soʻzlar Otalar soʻzi — aqlning koʻzi. Maqol
-
Kumushning goʻzallik taʼrifini gʻoyibona eshitib, ogʻzining suvi keluvchi xotinli va xotinsiz orzumandlar yotib qolguncha, otib qol! soʻziga amal qilib, qutidornikiga sovchilarni turnaqator yubora boshlagan edilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
5. Gap, gap-soʻz, nutq.
-
Samimiy soʻzlar. Notiqning soʻzlari. Soʻz soʻramoq. Maʼruzachiga soʻz bermoq. Soʻz aytmoq. Soʻz boshlamoq. Soʻzga chiqmoq. Soʻzga tushmoq. Soʻzini boʻlmoq. Soʻzni qisqa qilmoq. Soʻzini ogʻzidan olmoq.
-
Direktor bilan oldindan kelishib olingan boʻlsa kerak, birinchi boʻlib Baqaloq soʻzga chiqdi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi. Soʻz boshladi chol titrab, Halqumiga kelib jon. A. Oripov, Yillar armoni
-
Azizxon bir soʻz demay, mashinaning orqa oʻrindigʻiga chiqdi. S. Ahmad, Ufq
6. Mish-mish gap, ovoza; igʻvo.
-
El bor yerda soʻz bor. Maqol
-
Oʻlikmi-tirikmi — bilarmiz. Men ham qarab turmayman. Ammo soʻz tarqalmasin, ayt, xotining tilini qissin. Oybek, Tanlangan asarlar
7. Oʻgit, pand-nasihat, taʼlim-tarbiya, iltimos yoki buyruq mazmunidagi gap.
-
Onaning soʻzini quloqqa olmoq. Kattalarning soʻziga kirmoq. Soʻzini ikki qilmaslik. Yomonning boʻzini olguncha, Yaxshining soʻzini ol. Maqol
-
Doʻst soʻzini tashlama, tashlab boshing qashlama. Maqol
8. Vaʼda, lafz; azm-qaror.
-
Soʻzida turmoq. Yigit soʻzi bir boʻlur. Maqol
-
Tursang soʻzing-da — hurmat yuzingda. Maqol
-
[Avazxon:] Ey ota, padari buzrukvor, soʻzdan qaytish nomardning ishi. Malikayi ayyor
-
Mansur endi Gavhar soʻzidan qaytmasligini tushunib toʻxtadi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Birovga aytmaslikka soʻz beraman. S. Ahmad, Yulduz
so‘z soʻzi qatnashgan jumlalar:
Kirish soʻz
-
Haydar akaning odamlarga malol kelmaydigan kirish soʻzlari hammani xushhol qildi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Soʻz bermaslik
-
Xotini Karim akaga soʻz bermaydi. Bir gap aytsa, betingda koʻzing bormi demay, qayirib tashlaydi. M. Hazratqulov, Jurʼat
-
Qishloqi yoshligim sarpoychan chopar Soʻz bermay dekabr quyunlariga. A. Sher
Soʻz ochmoq
-
Muhabbat qissasidan soʻz ochib, qilsam gʻazalxonlik, Oʻqishgay ishq eli nazmimni koʻp zarrin kitob ichra. Habibiy, Devon
Soʻz erkinligi
-
Biz soʻz erkinligini soʻrar edik. A. Qodiriy, Kichik asarlar
-
Demokratik mamlakatlarda ommaviy axborot vositalarining faoliyati soʻz erkinligiga asoslangan. OʻzME
Soʻz qotmoq
-
Zaynab tamom, tamom lol edi, Soʻz qotishga u behol edi. H. Olimjon, Tanlangan asarlar
Soʻzini yerda qoldirmoq
-
Kumushning qarshi tushmagi toʻgʻrisida, albatta, ularning shubhalari yoʻq edi. Shuning bilan birga, ota-onaning soʻzini yerda qoldiradi, deb ham oʻylamas edilar, A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Soʻz(i)ga kirmoq
-
Boy afandi: Mana xolos, agar man sizning soʻzingizga kirsam, toza sharmanda boʻlar ekanmiz, — deb meni xijolat qildilar. Hamza, Tanlangan asarlar
Oradan soʻz oʻtmoq (yoki chiqmoq)
-
Mir hazratlari bilan orangizdan biron soʻz oʻtgan, deb gumon qilurman. Oybek, Navoiy
Soʻz oʻyini
-
Uy egasi dasturxon yozar ekan: — Umridan shuncha boʻlgandan keyin, xudo xohlasa, umri uzoq boʻladi, — deb soʻz oʻyini qildi. A. Qahhor, Xotinlar
SO‘Z so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
СЎЗ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
so‘z so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar