zang
bilan ulashing
1. maxs. Suvda yoki havoda oksidlanish tufayli metallar sirtida hosil boʻladigan va uni yemiradigan qizil-qoʻngʻir gʻovak qatlam, parda.
-
Temirchilar, zanglagan temirni oʻtga solsang, zangi toʻkiladi, deyishadi. X. Toʻxtaboyev, Felyetondan soʻng
-
Quruq yerga urilaverib zangi ketgan ketmonlar uzoqdan yalt-yalt etib koʻrinar, qoʻshiq, kulgi eshitilar edi. S. Yunusov, Kutilmagan xazina
2. q. x. Oʻsimliklarning parazit zamburugʻlarning sporalari rivojlangan joylarida (bargi, poyasi, qisman mevasida) paydo boʻladigan zargʻaldoq, qoʻngʻir dogʻdan iborat kasallik.
-
Zang zamburugʻlari. Zang kasalligi.
3. koʻchma Dogʻ, gʻubor; gʻam-alam, anduh.
-
Artib koʻngillar zangini, Qishni bahor ay-lab keling. S. Abdulla, Hayot gulshani
-
Davlat arboblari aql va adolatni shior qilsalar hayotning zangini oltinga aylantirmoq mumkin. Oybek, Navoiy
zang soʻzi qatnashgan jumlalar:
Zang bosmoq
-
U [Matpano] zang bosgan eski oʻroq topib keldi. S. Siyoyev, Avaz
-
Yoʻl chekkasidagi yantoqlar xuddi zang bosgan simday qovjirab yotar, chigirtkalar saratonning taftiga bardosh bera olmay chirillashar edi. N. Fozilov, Diydor
-
— Qoʻmondonlik bizni tamom esidan chiqardi, shekilli: hali ham zang bosib yotibmiz, — deb yozibdi [yigit]. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Zang bosgan dil.
1. Qoʻngʻiroq; tovushli signal, xabar berish uchun ishlatiladigan metall buyum (masalan, rels parchasi).
-
[Oshpaz] Tut butogʻiga osilgan zangni qoʻlidagi tayogʻi bilan ura boshladi. M. Muhamedov, Qaxramon izidan
2. Shunday qoʻngʻiroq, signal yoki soat tovushi.
-
Devor soatning zangi.
-
Boboqul otaning zangi eshitilmaydigan boʻldi. H. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
zang soʻzi qatnashgan jumlalar:
Zang urmoq (yoki chalmoq)
-
Ovqat payti boʻlib, shiyponda zang urildi. R. Fayziy, Choʻlga bahor keldi
-
Uchinchi zang urilib, sostav asta jildi. H. Gʻulom, Zamin yulduzlari
-
Devor soat olti marta zang urib, Poʻlatjonning soʻzini boʻldi. S. Ahmad, Qadrdon dalalar
sheva Tok tanasining koʻp yillik yoʻgʻon qismi.
-
Uzum zanglari changal qoʻralar ustiga tirmashib chiqib, bizning husayni uzumimizni kuzda u hovlidan ham, bu hovlidan ham yeyish mumkin boʻlardi. U. Usmonov, Sirli sohil
-
Joʻraxon, dildor, mehnatkash, latofatli degan qizlar tok zanglarini koʻtarib, soʻrilarga bogʻlamoqdalar. Nazarmat, Joʻrlar baland sayraydi
ZANG so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЗАНГ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
zang so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingFoydalanuvchilar tomonidan ZANG so‘ziga berilgan ma’nolar
zang so‘ziga yangi izoh qo‘shing
Siz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar