zo‘r
bilan ulashing
1. ot Kuch-quvvat, qudrat; taʼsir.
-
Ishonchim bor quvvatima-zoʻrima, Osdiraman seni tilla dorima. Zulfizar bilan Avazxon
-
[Sanayev] Kesakdek qotib qolgan qoʻl-oyogʻini zoʻr bilan qimirlatib, emaklay boshladi. N. Safarov, Tanlangan asarlar
-
— Uyalganlaridan mening zoʻrim bilan qilyaptilar, — dedi yanga ogʻzini beki-tib. S. Nurov, Narvon
-
Amaki boʻlsa, oʻshanda pulning zoʻri bilan oʻgʻlini mardikorlikdan qutqarib qoldi. Yo. Xaimov, M. Rahmon, Hayot-mamot
2. Urinish, harakat.
-
Zoʻri behuda belni sindiradi. Maqol
3. Kuchli, shiddatli zarb; kuchlilik.
-
— Oʻ-oʻ, — dedi Elmurod bosh chayqab, — kaltakning zoʻrini mengina yeymanmi desam, sen ham yer ekansan, boyoqish. P. Tursun, Oʻqituvchi
4. Zoʻrlik, zoʻravonlik.
-
[Mansur jahl bilan:] Xayr, mayli, ixtiyoring. Zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq. Z. Said, N. Safarov, Tarix tilga kirdi
5. sifatdosh Katta jismoniy kuchga ega boʻlgan, baquvvat, zabardast.
-
Zoʻr yigit. Zoʻr ot.
-
— Odamning qoʻlidan kelmaydigan hech bir ish yoʻq, — dedi Saodatxon, — odam hamma narsadan zoʻr. S. Zunnunova, Yangi direktor
-
Qoʻrqoq bola zoʻr yigitga doʻq urganda, xayolingga ne keladi, bilasanmi? S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Uning [Husayn Boyqaroning] zoʻr, haybatli oti qirgʻin ichiga yorib kirdi. Oybek, Navoiy
-
Togʻa haqiqatan ham zoʻr polvon oʻtgan ekan. Sharq yulduzi
6. Iqtisodiy jihatdan baquvvat, qudratli; katta iqtisodiy kuchga ega boʻlgan.
-
— Shunchalik zoʻr xaridorlari turgan bir zamonda bu vazifaning menga kelib toʻxtaganiga hanuz aqlim bovar qilmaydir,— dedi Anvar. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
7. sifatdosh Katta, ulkan, buyuk; kuchli.
-
Zoʻr togʻ. Zoʻr ishonch. Zoʻr iroda.
-
Olimjondan zoʻr-zoʻr umidlar kutgan muallim hazratlari Ahmadjon bilan ikkisini oʻz hujralariga chaqirdi. Hamza, Tanlangan asarlar
8. Kuchli, shiddatli; keskin.
-
Zoʻr shamol. Zoʻr zilzila.
9. Ogʻir, qattiq, iztirobli.
-
Zoʻr ogʻriq. Zoʻr qaygʻu.
-
Bu zoʻr mehnat Oyqiz yuragida bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan ikki xil tuygʻu yaratdi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Hammaning yuzidan, harakatidan zoʻr bir musibat aks etar edi. A. Qahhor, Qoʻshchi-nor chiroqlari
10. Mazmun jihatdan pishiq-puxta, qiziqarli; sifat, maza jihatdan afzal, yaxshi.
-
Zoʻr kitob. Zoʻr spektakl. Zoʻr olma. Zoʻr palov.
11. Katta mahoratga, tajribaga ega boʻlgan; oʻz ishi, kasbining ustasi boʻlgan, mohir, kuchli; zabardast.
-
Zoʻr olim. Zoʻr shoir.
-
Toshkentda zoʻr olimlar koʻp. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
— Qishlogʻimizda bir boboy boʻlardi. Zoʻr tabib edi, — dedi Majid. Nazarmat, Joʻrlar baland sayraydi
-
Usta Boboxon degan zoʻr temirchi boʻlardi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Zoʻr ekansiz-ku, tagʻin gapirishni bilmayman deysiz! [dedi Gavhar]. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
zo‘r soʻzi qatnashgan jumlalar:
Zoʻr bermoq
-
Musobaqalarga zoʻr berib tayyorlanmoq.
-
Sidiqjon shu qadar zoʻr berib ishlar ediki, bitta odamning qoʻlidan shuncha ish kelishiga baʼzan oʻzi hayron qolar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Moʻmin qiyshiq zoʻr berib ketmon chopmoqda edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Ayrim xoʻjaliklar rahbarlari texnikadan qoʻrqadilar, undan ayb qidirib, qoʻl kuchiga zoʻr beradilar. Gazetadan
-
— Choʻlda odam yetishmaydi. Mashinaga zoʻr beraversin, — dedi Sherali Asalxonga. H. Gʻulom, Senga intilaman
-
Saodatxon onasini zoʻr berib oʻpar, Qimmat xolaning yuziga yuzini qoʻyib, bagʻriga bosar edi. N. Safarov, Saodatning qissasi
Zoʻr kelmoq
-
Bularni bilmasak, har qaysisini oʻziga loyiq, oʻziga munosib joyga qoʻya olmaymiz. Unda oʻzimizga zoʻr keladi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Zoʻr kelsa
-
Zoʻr kelsa, xoʻjayin beradigan toʻqqiz tanga haqini bermay qoʻya qolar-da. S. Ahmad, Oqpadar
ZO‘R so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЗЎР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
Foydalanuvchilar tomonidan ZO‘R so‘ziga berilgan ma’nolar
zo‘r so‘ziga yangi izoh qo‘shing
Keyingi 10 ta so‘z
zo‘r so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar