ber
bilan ulashing
1. Qoʻliga tutqizmoq; qoʻliga yoki ixtiyoriga topshirmoq.
-
Berganning betiga qarama. Maqol
-
Olmoqning bermogʻi bor. Maqol
-
Haligi xatni u tanaffusga chiqqanda Rustamga bermoqchi edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Viktor ham koʻrishib, hol-ahvol soʻrashgach, qoʻliga telegrammani berdi. S. Karomatov, Oltin qum
2. Ehtiyojini, talabini qondirmoq; yoʻq narsa bilan taʼminlamoq.
-
Ekinga suv bermoq. Molga xashak bermoq. Qurilishga mablagʻ bermoq. Bola yigʻlamasa, ona sut bermas. Maqol
-
Qurilish tresti unga yotoqxonadan joy berdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Bandaning rizqini ollo beradi. K. Yashin, Hamza
-
Boyning qiziga rahmi kelib, unga non beribdi. Bulbuli goʻyo
-
Qoʻsha qarindoshlar, yaxshi farzandlar bersin. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Sherigim unga bir stakan suv berdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Quryoz aka shuni kutib turganday: — Men qoʻylarga tomoq beray, — deb qoʻzgʻaldi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
3. Baxsh etmoq, bagʻishlamoq; ruhiy holat, kayfiyat, koʻrinish paydo qilmoq.
-
Musiqa dillarga orom beradi.
-
Sayohat gashti, togʻlar oʻrkachi, rango-rang tabiat koʻzlarni yashnatib, dillarga orom beradi. Gazetadan
-
Mansur akalarcha mehribonlik bilan Gavharning yelkasidan tutib, dalda berdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
[Nuri] Gulnor toʻgʻrisida soʻzlaganda, tovushiga sirli ohang berdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Uning [Kumushning] nafis qora sochlari orqa-oʻngiga toʻzgʻib, ajib bir manzara berdilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. Biror muassasaga oʻrnashtirmoq, kiritmoq,
-
Bolani bogʻchaga bermoq. Oʻgʻlini oʻqishga bermoq.
-
Boshqa biror hunarga bersak boʻlmaydimi? E. Raimov, Ajab qishloq
-
Bir oʻgʻlimni Xadradagi oʻris maktabiga berdim. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Men Marusyaga tayinlab qoʻydim, ertadan boshlab bogʻchaga ber. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
5. Mahsulot yetishtirib, tayyorlab yetkazib turmoq; oʻz mahsuli bilan taʼminlamoq.
-
Bu xalq xoʻjaligiga nima beradi? Qishloq xoʻjaligi aholiga oziq-ovqat, sanoatga xom ashyo beradi.
-
Etak-etak paxtani ikki qoʻllab terganman, Gektaridan yuz-yuzlab paxta beray deganman. Qoʻshiqlar
6. Nashrga kiritmoq, bosmoq, eʼlon qilmoq; eshittirmoq; koʻrsatmoq.
-
Maqolangizni kelgusi sonda beramiz. Konsert bermoq.
7. Ayrim otlar bilan qoʻshma feʼl yasaydi; masalan:
-
ahamiyat bermoq, bardosh bermoq, javob bermoq, boy bermoq, joy bermoq, zarba bermoq.
-
Oʻn bir kishi qarshi ovoz berdi. Sharq yulduzi
-
U koʻprikdan oʻtib, katta yoʻlga chiqqanidan soʻng otga qamchi berdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Mana, seni deb qanday balolarga bardosh beryapman. K. Yashin, Hamza
-
Quruq odamlar kiyimga zoʻr beradi, deganlari bejiz emas ekan. F. Musajonov, Himmat
-
Hayo qaysi narsada boʻlsa, unga ziynat beradi. Fan va turmush
-
Quloqlarida uch kalima soʻz oʻrin talashib, aks sado berdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
8. -(i)b Koʻmakchi feʼl vazifasida affiksli ravishdosh shaklidagi yetakchi feʼl bilan birikadi va:
9. 1) harakatning birov, oʻzga uchun bajarilganligini ifodalaydi.
-
Yangangga ayt: ilikdan osh qilib bersin. Guldasta
-
Endi ishingga qara, bolam, ertaga koʻylak tikib beraman. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Men boʻlgan voqeani aytib berdim. T. Ashurov, Oq ot
-
Tutning ustiga chiqib qoqib berdim. S. Zunnunova, Olov
-
Bu choldan har balo kutsa boʻladi. Uni hukumatga tutib berish kerak. P. Tursun, Oʻqituvchi
10. 2) yetakchi feʼldan anglashilgan maʼnoni kuchaytirib ifodalaydi. U
-
qoʻlini siltab baqirib berdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Qambaralidan eshitib ishonmadi va ikkalovini ham soʻkib berdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Zulayho opamlar urishib beradilar. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
11. -a -y Koʻmakchi feʼl vazifasida affiksli ravishdosh shakllaridagi yetakchi feʼllar bilan birikib kelganda, koʻpincha -ver shaklida talaffuz qilinadi va quyidagi maʼnolarni ifodalaydi:
12. 1) yetakchi feʼldagi harakatning bajarilishi uchun qarshilik, monelik yoʻqligini, u bemalol bajarilishi mumkinligini anglatadi.
-
Qatiqlamasdan kosalarga suza ber. A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
-
Bahuzur oʻtira ber, charchagandirsan? U. Ismoilov, Saylanma
13. 2) yetakchi feʼldagi harakatning davomliligi, takroriyligini bildiradi. U
-
suv tashib, xumlarga quya berdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Oʻlimdan boshqa hamma yaxshilikning barvaqt kelgani maʼqul, deb ona-bola izgʻiy berdi. Mirmuhsin, Qahramonnoma
-
Sening mushtingni yeya berib, jonimda jon qolgan emas. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Hadeb katta shaharda yashay berish ham odamni diqqinafas qilib yuboradi. T. Ashurov, Oq ot
14. Yetakchi feʼl sifatida qoʻshma feʼllar tarkibiga kiradi, masalan:
-
berib tur, bera qol, berib yubordi.
ber soʻzi qatnashgan jumlalar:
Berdisini aytguncha urib oʻldirmoq
-
Berdisini aytguncha urib oʻldiradigan koʻrinasan, sabr qilgin, bolam. S. Anorboyev, Oqsoy
BER so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БЕР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ber so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс Bing