bola
bilan ulashing
1. Yangi tugʻilgan, hali koʻkrakdan, ona bagʻridan ajratilmagan goʻdak; chaqaloq.
-
Bola emizmoq. Bolani allalab uxlatmoq. Bola yigʻlamasa, ona sut bermaydi. Maqol
-
Oʻzbek oyim burchakda bola koʻtarib oʻtirgan Zaynabdan chaqaloqni olib, uni jomni toʻkib kelishga buyurdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
2. Hali yosh, voyaga yetmagan odam.
-
Bolani yoshdan asra, niholni boshdan asra. Maqol
-
Yaxshi boladan — rahmat, Yomon boladan — laʼnat. Maqol
-
Men kuyaman bolamga, Bolam kuyar bolasiga. Maqol
-
Aldagani bola yaxshi. Qanotli soʻzlar
-
— Hali bola ekansiz, — dedi Kumush. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Anvar kelishgan, doʻndiq bola edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Ayol kishining fazilati bola bilan boʻlgan munosabatida ochiladi. F. Musajonov, Himmat
3. Farzand, oʻgʻil-qiz, zurriyot.
-
Odamning mevasi — bola. Maqol
-
Bol shirin, boldan bola shirin. Maqol
-
Bola aziz, odobi undan aziz. Maqol
-
Bir onadan alvon xil bola tugʻiladi, deganlaridek, Anvarning yaratilishi ogʻalariga nisbatan boshqacha edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon.
4. koʻchma Yoshi ulugʻ, ammo goʻdaklarcha ish tutadigan, bolalarcha mulohaza yurgizadigan odam haqida.
-
— Nega koʻnglimga olmay, men yosh bolamanmi! — dedi [Kumush]. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Ey xotin, bola boʻlib qolgan-san desam, achchigʻing keladi. Axir gapning oxiriga qadar tinglab turmaysanmi. Oydin, Shirin keldi
5. (koʻpincha 1-shaxs egalik affiksi bilan) Yoshi kattalarning yoshlarga murojaat shakli.
-
— Uzr ayt, bolam. Zolim bilan tenglashma! — dedi chol. Oybek, Tanlangan asarlar
-
— Meniki bedavo dard. Uh! — yengil xoʻrsindi Tohirjon. —Unday dema, bolam. Noumid shayton. Oybek, Tanlangan asarlar
6. Yangi tugʻilgan, tuxumdan chiqqan, hali voyaga yetmagan yosh hayvon yoki parranda.
-
Qoʻngʻiz bolasini oppogʻim der, kirpi bolasini yumshogʻim der. Maqol
-
Ilonning bolasi — ilon, Chayonning bolasi — chayon. Maqol
7. Homila, qorindagi gumona.
-
— Bolang necha oylik boʻldi, yer yutgur? — boʻgʻilib soʻradi va qizni bir tepdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Mehri ikkiqat. Bola ikki oylik, uch oylik besh oylik Qanday qilib boʻlsa ham, bolani tushirish kerak. A. Qahhor, Boshsiz odam
bola soʻzi qatnashgan jumlalar:
Askar bola
-
Urush yillari askar bolalarni yoʻqlab turdik. A. Qahhor, Asarlar
Boʻz bola
-
Yoʻlchi qachon kelar ekan, kelganda ham nima qilardi, boʻz bola, kambagʻal. Oybek, Tanlangan asarlar
Dala (yoki sahro) bolasi
-
Qashqarning qizi, juvoni olmaday boʻladi. Sen sahro bolasiga soʻzni uqtirish ham qiyin. Oybek, Tanlangan asarlar
Kelin bola
-
Hojining “Endi kelin bolani yubormaymiz-da“, deb kelishiga: Mening bolam emas, sizniki, u yer ham, bu yer ham oʻzining uyi, — dedi [qutidor]. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
kelin bolani Toshkentga olib kelishlarini soʻragan edim. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Kuyov bola
-
Sovchilar quda boʻlmishlariga kuyov bolani rosa maqtashibdi. Mushtum
-
— Kuyov bola yolgʻiz qolar ekanlar-da? — qizning harakatlari negadir shofyorga yoqmadi. U. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
Koʻcha bola(si)
-
Narigi uydan uvadasi chiqib ketgan yostiqni koʻtarib Ham-dam chiqdi: — Oʻtir bu yoqqa. Xoʻsh, sen nima uchun koʻcha bolalariga oʻxshab axloqsizlik qilasan? A. Qahhor, Ayb kimda?
Ota(si)ning bolasi
-
Otabek xufton namozi uchun tahorat olishga mehmonxonadan chiqqan edi, uning keticha: — Otaning bolasi-da, — deb Ziyo shohichi mehmonlarga qarab qoʻydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oʻgʻil bola
-
Oʻgʻil bolani urish gunoh deb biladigan Ummatali bu gal oʻzini tutolmadi. S. Ahmad, Ufq
-
— Men kishining xizmatini unutadigan yigit emasman, — dedi Homid va davom qildi, — oʻgʻil bola uchun — oʻgʻil bolaligim, yomon uchun yomonligim bor. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Gapning oʻgʻil bolasini aytsam, biz tarafda bemorlarga naridan-beri qarashadi. Mushtum
Qiz bola
-
Shu yoshga kirib qiz bola bilan birinchi marta kinoga tushishi edi. X. Toʻxtaboyev, Sariq devni minib
-
qiz bolaning bunchalik shoʻx boʻlishini birinchi koʻrishim. Mirmuhsin, Meʼmor
Bola koʻrmoq
-
Orada toʻqqiz yil oʻtdi. Bular toʻrt bola koʻrishdi A. Qahhor, Boshsiz odam
BOLA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БОЛА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bola so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar