dum
bilan ulashing
1. Hayvon tanasining chiqaruv teshigi tepasidan boshlanadigan va ingichkalanib boruvchi eng ortki, oxirgi qismi; quyruq.
-
Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga. Maqol
-
Tuyaning dumi yerga tegar, Xoʻjaning qizi erga tegar. Maqol
-
Shoshgan oʻrdak ham boshi bilan, ham dumi bilan shoʻngʻiydi. Maqol
-
U [it] dumini likillatdi-da, Nigoraning oyogʻi ostiga yota qoldi. S. Anorboyev, Oqsoy
2. Baʼzi jonivorlar tanasining ket tomonidagi uzun patlar yoki ingichkalashgan qismi.
-
Xoʻrozning dumi. Qaldirgʻochning dumi. Ilonning dumi.
-
Haligi chavoq baliq qor ustida yalt-yult qilib sakraydi, dumi bilan savalaydi. N. Fozilov, Diydor
-
Raisning oriq, qoramtir yuziga yarashmagan taqasimon moʻylovining uchlari chayon dumiday gajaklandi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
3. Meva, barg va shu kabilarning bandi.
4. Sabzavot oʻsimliklarining yer yuzasida oʻsib turgan bargi.
-
Sabzining dumini kesmoq.
5. Uchish apparatlarining ingichkalashgan ket tomoni.
-
Birpasdan keyin lager ustida dumiga kattakon pufak bogʻlab olgan samolyot paydo boʻldi. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Samolyotning dumida yelkamni qisgancha biqinib oʻtiraverdim. Guldasta
6. Umuman biror narsaning keti, oxiri.
-
Yulduzning dumi. Qancha mashinalar qatorlashib oʻtdi, hali dumi koʻrinmaydi.
-
Charos deraza panjarasidan dumi likillab turgan dakang varrakni koʻrdi. Oʻ. Hoshimov,Qalbingga quloq sol
-
Chopa berishning behuda ekanini payqab, eshelonning dumiga ulangan qizil vagonlarga toliqqan koʻzlarini umid bilan tikdi. N. Safarov, Tanlangan asarlar
7. koʻchma Doim birovga ergashib yoki unga xushomad qilib, birga ortidan yuradigan odam; shotir.
-
Abdurasul Tojiboyning majlisda oʻz tarafini oladigan dumlar toʻplay boshlaganini gapirdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Dum emish, xoʻja kelib menga dum boʻlsin. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
8. koʻchma s.t. Qarz, topshirilmagan imtihon
-
Uning matematikadan dumi bor.
dum soʻzi qatnashgan jumlalar:
Dumini xoda qilib
-
— Sigir birdan irgʻib oʻrnidan turib, dumini xoda qilib, bir qochib berdi, — dedi Shum bola. Gʻ. Gʻulom, Shum bola
-
Molxonadan kelayotsam, oldimdan dumini xoda qilib, bir buzoq yugurib oʻtdi. Mushtum
-
Oldingga qancha bordim? Nuqul badbashara maxluqdan qochgan yuraksizday dumingni xoda qilib qolasan-ku? J. Abdullaxonov,Xonadon
-
zoʻr kelganda koʻpincha bellashishdan bosh tortadi-da, dumini xoda qilib qochadi. T. Rustamov, Mangu jasorat
Dumi yulingan musichaday (yoki tovuqday)
-
Berdiboy garchi shahardan dumi yulingan musichaday boʻlib kelgan boʻlsa ham, fahmsiz emas. A. Qodiriy, Obid ketmon
-
oramizda Ikrom degan bir kimsa ham bor edi. Dumi yulingan tovuqday bir chetga chiqib, shumshayib turibdi. Yoshlik
Dum bermoq
-
Bir kun paxta chopib yursam, bitta qovun juda ham toʻri kelgan, meni ye! deb dum berib turibdi. Gʻ. Gʻulom, Tirilgan murda
-
Nimadir tirs etdi: qizilurugʻ qovun dum berdi shekilli. A. Eshonov, Dutor
Burganing dumini koʻrgan
-
Bilaman, Gavhar yaxshi qiz. Lekin anavi iblis burganing dumini koʻrgan! Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Dumini bosmoq
-
Idorada, ish ustida, ish yuzasidan gapirayotirman. Dumingizni bosganim yoʻq. A. Qahhor, Sarob
-
Men bir-ikkitasining dumini bosdim shekilli. S. Siyoyev, Otliq ayol
Dumini likillatmoq
-
Saroyda biz ham dum likillatib, quyruq qoqib yuribmiz. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
U
-
kalondimogʻ, endi qarshisidagi odamdan oʻziga oʻxshab dum likillatishini talab qiluvchi nusxaga aylanadi. OʻTA
Dumini tugmoq yoki dumi tugilmoq
-
[Roziq soʻfi] Bir magazinga kechki qorovul boʻlib olgan edi. Undan ham ishkal chiqarib, dumi tugildi. S. Abdulla, Soyalar
-
Tursunboy qoʻpol va dagʻal muomalali boʻlgani sababli brigadirlikdan dumi tugilgan edi. Mushtum
-
Hammamizning dumimizni tugar emishlar. Uygʻun,Asarlar
-
ikkinchi bu gapdan ogʻiz ochmang, aks holda, dumingizni tugaman. H. Gʻulom, Mashʼal
Dumini tutqazmaslik (yoki ushlatmaslik)
-
Gʻaffor qoʻrboshi dumini tutqazmasga, oʻzini yutqizmasga urinadi. N. Safarov, Vodillik qahramon
Dumini qismoq
-
Men oʻz yurtimda musofir itday dumimni qisib yurishni xohlamayman. A. Qahhor, Asarlar
-
Devona oʻsha zahoti dumini qisib, juftakni rostlab qoldi. K. Yashin, Hamza
-
Suv dumini qisdi, endi shoshmasdan [toʻgʻonni] mustahkamlash kerak. Oybek, O.v. shabadalar.
Dumi xurjun (yoki xurjunda)
-
Dumi xurjun gap. Dumi xurjun ish.
-
Boʻriboy oʻsha odamlarning nomini tilga olgisi kelmay, dumi xurjunda qoldi. H. Nazir, Oʻtlar tutashganda
-
Goʻsht topshirishning ham dumi xurjunda. Mushtum
Dumi qisiq
-
Musofir itning dumi qisiq. Maqol
-
Ilgari oʻgʻrining dumi qisiq boʻlardi, el oldida sazoyi qilinardi. S. Nurov, Narvon
DUM so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ДУМ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
dum so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar