o‘rtoq
bilan ulashing
1. Yoshi teng yoki yaqin boʻlib, oʻzaro yaxshi aloqada boʻlgan tengdoshlar (bir-biriga nisbatan); birga oʻsgan; tengdosh, doʻst, oshna.
-
Ukamning oʻrtogʻi. Qalin oʻrtoq.
-
Xayr, onajon! Mening uchun buvimni quchoqlab qoʻying, oʻrtoqlarimga salom ayting! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Hatto tumsayib oʻtirgan Asrora ham beixtiyor chapak chalar, oʻrtogʻining husn-u latofatiga mahliyo edi. S. Ahmad, Ufq
-
Shu xotinning oʻrtogʻi bor edi. Yaxshi jonon Oybek, Tanlangan asarlar
-
Bugun stipendiya olishgani uchun ikki oʻrtoq qoʻlbola osh qilishmoqchi edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
2. Dunyoqarashi, faoliyati, yashash sharoiti va shu kabilar jihatidan bir, gʻoyaviy jihatdan yaqin kishi; hamfikr, hamgʻoya.
-
Qudrat hokimning qon toʻlib ketgan koʻzlaridan yashirinmadi, aksincha, oʻrtoqlari bilan guzarda yarim kechagacha jilmay oʻtirdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Eski oʻrtoqlaringdan ayrilgansan, yangi oʻrtoq orttirolmading. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. rasm. Kishilarga murojaatda, odatda ularning familiyasi, kasbi, unvoni va shu kabilar bildiruvchi soʻzga qoʻshib ishlatiladi.
-
Oʻrtoq direktor. Oʻrtoq mayor.
-
Qani, oʻrtoq bemor, oyoqlaringizni uzating-chi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Roʻzimat sahnadan chiqib ketdi-yu, hayal oʻtmay zalda paydo boʻldi va Kanizakning oldiga kelib, qulogʻiga sekin: — Oʻrtoq Ahmedov yoʻqlayotibdilar, — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari.
4. s. t. ayn. Turmush oʻrtogʻi; er yoki xotin, rafiq yoki rafiqa.
-
Halimaxon, oʻrtogʻingiz qayerda ishlaydilar? Erkaklar ham roʻzgʻor ishini yaxshi bilishi, oʻrtogʻiga yaqindan yordam berishi kerak. Gazetadan
5. Biror ish-faoliyatda birga boʻluvchi, biror narsani baham koʻruvchi; sherik.
-
Oshga oʻrtoq — boshga toʻqmoq. Matal
-
Dam boʻlaman oltin quyosh Husniga oʻrtoq. Dam teraman etak-etak Gullar: pushti, oq. Gʻayratiy
o‘rtoq soʻzi qatnashgan jumlalar:
Turmush oʻrtogʻi
-
Hoshimjon, birinchidan, jonajon dugonamning turmush oʻrtogʻi, ikkinchidan, oʻz akamday koʻraman uni. J. Abdullaxonov, Toʻfon
Oʻrtoq boʻlmoq ayn. oʻrtoqlashmoq
-
Gʻirromlikni bilmaydigan halol bola koʻrinadi. Oʻrtoq boʻlsang arziydi. H. Nazir, Yonar daryo
O‘RTOQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЎРТОҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
o‘rtoq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar