ochil
bilan ulashing
1. Ochmoq 1-8 feʼlining majhul nisbati.
-
Eshik ochildi. Sandiq ochildi. Yoʻl ochildi. Yangi maktab ochildi. Qingʻir ish qirq yildan keyin ham ochiladi. Maqol
-
Bir haftaga qolmay kanalga suv ochiladi. S. Ahmad, Ufq
-
Mana shu togʻlarning ikki tarafidagi adirlar, Makrit choʻlidan ochilgan yerlarning hammasi meniki, menga qaraydi. S. Ahmad, Jimjitlik
-
Haykalchaning ochilish marosimi boʻlib oʻtganidan bexabar, parda tutishga hojat qolmaganini bilishmaydi. M. M. Doʻst, Lolazor
-
Yaqinrogʻingizda oʻlmoq uchun dushman tomonidan uyingizga ochilgan tuynukchaga kirdim. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Hasanali Uzoq; oʻylagandan soʻng ishning ochilmay qolgan qismini yechishni boshqa vaqtga qoldirmoqchi boʻldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
2. Ochmoq 1, 2, 9-12 feʼlining oʻzlik nisbati.
-
Fikri ochildi. Rangi ochildi.
-
Keldi ochilur chogʻing, oʻzliging namoyon qil, Parchalab kishanlarni, har tomon parishon qil. Hamza
-
Bu paxta ekan-ku, hali shoshmay turinglar, ochilgan xotinlar boshqatdan paranjiga kiradi. S. Ahmad, Hukm
-
Tomlardagi lolalar qip-qizil boʻlib ochildi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Soʻnggi quyoshli kunlarda paxta yana qiygʻos ochildi. I. Rahim, Ixlos
3. Boshlanmoq, ish boshlamoq.
-
Ertaga shu muammoga bagʻishlangan olimlarning yigʻilishi ochiladi. S. Zunnunova, Koʻk chiroq
4. Koʻrinmoq, namoyon boʻlmoq.
-
Yoʻlchining koʻziga jannatday katta bogʻ manzarasi ochildi, tomosha qilib, keksa togʻaning orqasidan yura berdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Agar mana shu Muzloq togʻning sirtiga chiqilsa, kishining koʻzi oldida biri-biriga zid ikki dunyo ochiladi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
5. Xafaligi yoki qahr-gʻazabi yoʻqolib xushnud boʻlmoq, yozilmoq.
-
— Goho biron kishi [buvimning] koʻnglini ogʻritganda, men unga bir ogʻiz yumshoq gap aytsam, oʻsha zamoni ochilib ketaqolardi, — dedi Kenja. H. Nazir, Asarlar
-
Elmurod uning [Gulsumning] bu kadar ochilib kulganini birinchi koʻrishi edi. U bundan rohat qildi. P. Tursun, Oʻqituvchi
6. Husniga husn qoʻshilib, tobora chiroyli boʻlmoq, goʻzallashmoq.
-
Zunnunovning nazarida Saodatxon yanada ochilib ketganga oʻxshaydi. I. Rahim, Ixlos
-
Qora koʻylak ichida boʻgʻilib yotgan ekansan. Qara, naq shaftoli gulidek ochilibsan, kel, pardoz qilamiz. N. Safarov, Sharq tongi
-
Bashirjon uzoqroqdan kelinga tikilib turarkan: Juda ochilib ketibdi, deb oʻyladi. N. Aminov, Qahqaha
ochil soʻzi qatnashgan jumlalar:
Basharasi ochilmoq
-
Toʻgʻri, Rahimjon Moʻydinovga tuhmat qilganlarning avra-astari agʻdarildi, haqiqiy basharasi ochildi. Mushtum
Bahridili ochilmoq
-
Shiypon orqasidagi gʻoʻzalarni koʻrib, Paygʻomovning bahridili ochilib ketdi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
Chehrasi ochilmoq
Baxting ochilsin
Jagʻi ochilmoq
-
Oshno bir muddat jimib qoldi, lekin lahza oʻtib, tagʻin jagʻi ochildi. M. M. Doʻst. Lolazor.
Ishtahasi ochilmoq
-
Ana endi, charchoq ham unutiladi, ishtaha ham ochiladi. Uning gapi toʻgʻri chiqdi. S. Ahmad, Jimjitlik
Koʻzi ochilmoq q. koʻz
-
Taʼzirimni yeganim shu boʻldiki, koʻzim ochildi, tushunib oldim. S. Zunnunova, Olov
Ogʻzi ochilmoq
-
Bir haftadan keyin qiz Jamolzodaning ustaxonasiga tashrif buyurdi. U Koʻkkoʻl tongini koʻrib, ogʻzi ochilib qoldi. Oʻshanda koʻrgani hozirgi polotnoning oldida oddiy ermak edi, xolos. Yoshlik
Havo ochildi
-
Osmonni qoplagan chang-toʻzon allaqachon gʻoyib boʻldi, havo charaqlab ochilib ketdi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
OCHIL so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ОЧИЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ochil so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar