past
bilan ulashing
1. Yuqori tomon oʻlchami, qaddi, boʻyi uncha baland boʻlmagan, balandligi, boʻyi nisbatan qisqa; pakana, pastak.
-
Past devor. Past boʻyli daraxt. Boʻyi past odam.
-
Bogʻning atrofi eski, past, lekin yamalib, yasalib butunlangan devorlar bilan oʻralgan. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Shu zahoti hovlida past boʻyli yigit paydo boʻldi. Sharq yulduzi
2. Uncha chuqur boʻlmagan, sayoz.
-
Past daryo.
3. Miqdori, darajasi, narxi uncha katta, baland boʻlmagan, nisbatan kam, oz, quyi.
4. Shiddati, kuchi, darajasi uncha katta boʻlmagan, nisbatan kuchsiz, zaif (issiqlik, bosim kabilar haqida).
-
Past temperatura.
-
Strelka sal koʻtarildi-yu, yana holi kelmay, pastga tushdi. Ortiq, benzin qancha qolganini koʻrib, oʻzining ham kapalagi uchib ketdi. M. Mansurov, Yombi
5. Uncha baland boʻlmagan, boʻsh (ovoz, nota kabilar haqida).
-
Keyin begunoh koʻzlarini Alimardondan uzmay, yana oʻsha past, oʻychan ohangda gapirdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
U oʻzini bir oz tutib oldi-da, past ovozda davom etdi: — Qoʻrqmang, institutdan haydamaymiz. Lekin odam degan bunaqa mahmadona boʻlmaydi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
6. Sifati uncha yaxshi boʻlmagan; oddiy, joʻn.
-
— Koʻp xonali uylar qurish masalasiga kelsak, avvalo, bizda sifat past, — dedi Yodgor oʻylanib. — Qoʻlingizni choʻzsangiz, shiftga tegadi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Lekin agar biron yosh yozuvchi oʻz imkoniyati darajasidan pastroq asar yozsa, uni darrov ogohlantirib qoʻyar edilar. K. Qahhorova, Chorak asr hamnafas
7. Unchalik yaxshi emas, yurishmagan (“baxt”, omad, tole kabi soʻzlar bilan).
-
Ha, oʻsha tolei past Jamila. Hamza, Boy ila xizmatchi
8. Seryogʻin, yomon, sovuq;
-
Bu yil havo past keldi.
-
Barg yetilmayapti, bahor past keldi. A. Muxtor, Kumush tola
9. Kelib chiqishi, nasl-nasabi yuqori tabaqalarga xos boʻlmagan, asilzoda emas.
-
[Qizning] Yuzida oz-moz chiroyi boʻlgani bilan, oʻzi tagi past. Sizning ostonangizga sira arzimaydi. Hamza, Tanlangan asarlar
-
[Imom:] Otasini koʻndiramiz, uning tagi past, jazosi pul-da. J. Sharipov, Xorazm
10. aynan Pastkash.
-
Hammaga ham qiligʻingiz shumi yoki meni shunday past xotin deb oʻyladingizmi? Oydin, Ikki koʻzi shunda
-
Past kishida odamiyat nima qilsin. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Dengiz tubida dur, ustida choʻp-xas, Oʻzgani past bilur kimki oʻzi past. Sh. Shomuhamedov, Odam borki
11. Nisbatan quyi oʻrnashgan joy; pastlik, chuqurlik.
-
Pastga tushmoq.
-
Alimardon sirgʻanib, sohildan avaylab yurib, pastga tushdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Olmani tutib, orqasiga qaytsa, tut shoxidan shoshib, pastga yoshgina bir qiz tushib kelyapti. S. Zunnunova, Olov
12. so‘zlashuv tili Yer, pol.
-
Chelakni pastga qoʻy.
13. Uyning kiraverishidagi eshikka yaqin joy; poygak.
-
Ibodulla ham akasidan bir qadam pastga tiz choʻka qoldi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Etigi loy boʻlganidan, Yoʻlchi tanchaga oʻtirmay, namatning uchini qayirib, pastroqqa choʻkkaladi. Oybek, Tanlangan asarlar
past soʻzi qatnashgan jumlalar:
Narxi past
-
Bunaqa yuvosh xotinlarga qaysi erkak past molni ravo koʻradi. E. Samandar, Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq
Tuzi past
-
Ovqatning tuzi past;
-
Namuncha gapingning tuzi past.
Nazari past yoki past nazar
-
Hazrat goho sezib qolardi: koʻplarga past nazar bilan qarashni ham oʻrgangandi Qurbon Sh. Xolmirzayev, Qil koʻprik
-
Arz-u holing eshitmas, Unda ishing hech bitmas. Shunchalik nazari past — Nima bersang olar u. Mushtum
Avji past
-
Avji past ekinlar;
-
Bugun doʻstimning avji pastroq koʻrinadi.
Aqli (yoki zehni, esi) past
-
— Esi past, — dedi Dehqonboy akaning ensasi qotib. S. Zunnunova, Olov
-
Aqling past, miyang yogʻochdan, qalbing temirdan! X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Sen zehni past, beeʼtiqod odam ekansan. Luqmoni Hakim
Mashqi past
Past kelmoq
-
Saxiylik, mehmondoʻstlikda andijonliklar Hotamdan oʻtsa oʻtardiki, ammo past kelmas edi. Shukrullo, Saylanma
Past tushmoq
-
[Bobotoy ota] Oʻzining bu yerga nima maqsadda kelgani yodiga tushdi shekilli: — Bir sanamas, men ham dor tagidan qochganlar nevarasiman, — dedi bir pogʻona past tushib. Yoshlik
-
Men hali hasratimni, dardimni kelib-kelib sizlarga aytdimmi? Men hali kelib-kelib odamgarchilikni, diyonatni, nomusni tuproq, bilan teng qilgan sizday razil xotinfurush, qoʻshmachilar oldida shunchalik past tushdimmi? Hamza, Boy ila xizmatchi
Pastga urmoq
-
Sizni hech kim hozirgiday pastga urmaydi. U yogʻidan ham tashvish tortib yurmay qoʻya qoling. Toʻyni mana shu yerda oʻtkazamiz. K. Yashin, Hamza
-
Birovning uyiga bostirib kiribki, shunchalik pastkashlik qilishyaptimi, qoʻying, gaplashmang, nima qilasiz oʻzingizni pastga urib, jon oʻgʻlim. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Qoʻli past
PAST so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ПАСТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
past so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar