suv
bilan ulashing
1. Vodorod bilan kislorodning kimyoviy birikmasidan iborat rangsiz, hidsiz shaffof suyuqlik; tabiatda muz va bugʻ holida ham uchraydi, barcha tirik organizmlarning va koʻpgina moddalarning tarkibiy qismini tashkil qiladi.
-
Qor suvi. Dengiz suvi. Oqar suv. Turgʻun suv.
-
Zilol suvlar, eram kabi bogʻ-u boʻstonlar, Mening sovgʻam koshonalar, oltin tuproqlar. Gʻayratiy
-
Atmosferada suv bugʻ, tuman, bulut, yomgʻir, qor holatida boʻladi OʻzME
2. Shunday suyuqlik ichimlik sifatida.
-
Mineral suvlar.
-
Sadaqaning afzali chanqoq odamlarga suv ulashmoqdir. Fan va turmush
-
Organizmga yod oziq-ovqat va suv bilan kiradi. Fan va turmush
3. Soy, koʻl, daryo va shu kabilarning suvli sathi haqida.
-
Suv boʻyi. Suvning narigi beti. Suvning koʻtarilishi.
4. Tarmeva, sabzavot va shu kabilar tarkibidagi shira, sharbat, suyuqlik.
-
Anor suvi. Sabzining suvi.
-
Bogʻingda ochilgan qizil gullaring, Uzumning suviday shirin tillaring. Qoʻshiqlar
5. Tirik organizm va aʼzolardan ajralib chiqadigan suyuqlik, shira.
-
Oshqozon suvi.
-
[Yormat] Tumov orqasida burnidan toʻxtovsiz oqqan suvni ham sezmaydi. Oybek, Tanlangan asarlar
6. Umuman, turli narsalar tarkibidagi namlik.
-
Suvi qochgan non, olmachoy bilan nonushta qilishayotganda, Gadoyboy paydo boʻldi. H. Gʻulom, Feruza
7. koʻchma s. t. Maza-matrasi, shirasi yoki jiri yoʻq (meva yoki ovqat haqida).
-
Qovun qip-qizil suv chiqdi. Bu shoʻrva emas, shildir suv.
8. Kashtachilikda: toʻgʻri yoki toʻlqinsimon chiziq shaklidagi gul elementi.
-
Suvi oq, guli turli qiyiqcha.
9. eskirgan Oʻn tanobga teng yer oʻlchov birligi.
-
Har oʻn tanob yer bir suv hisoblanib, mana shu maydon hisobidan ariq tozalashga bir hasharchi yuborilar edi. I. Jabborov, Koʻhna xarobalar siri
10. Turli birikmali nomlar tarkibida keladi.
-
Suv kalamushi, suv echkilari, suv osti kemasi.
suv soʻzi qatnashgan jumlalar:
Jon (yoki hayot) suvi
-
Ular oʻzlariga, oʻz yerlariga, oʻz uylariga hayot suvi keltirish uchun kurashga boradilar. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Tashqarida bir qoʻsha sozandalar dutor, tanbur, gʻijjak, rubob, pay bilan dunyoga jon suvi sepib, shaharning mashhur hofizlari ashula aytadilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Mashq boshlanishi bilan butun vujudimga hayot suvi yugurdi. A. Qodiriy, Kichik asarlar
Suv ichmoq
-
Ot boshiga ish tushsa, suvligʻi bilan suv ichar. Er boshiga ish tushsa, etigi bilan suv kechar. Maqol
-
Sholining orqasidan kurmak suv ichibdi. Maqol
-
Koʻz tikib turgan yerlarimiz eski ariqdan suv icholmaydi, yangi ariqdan taqir icholmaydi, yana azalgiday qaqrab yotaveradi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Suv yoʻli
Suv qoʻymoq
-
Ekinga suv qoʻymoq.
Ogʻzining suvi keldi
-
Undan narida kattakon doshqozonda osh damlab qoʻyilibdi. Zarchuva solingan, sap-sariq. Ogʻzining suvi kelib ketdi. Yoshlik
Ancha (yoki koʻp, qancha-qancha) suvlar oqdi
-
Ha, qizim, undan buyon qancha-qancha qorlar yogʻdi, qancha-qancha suvlar oqdi, u vaqtlarda yosh ekanmiz, farosat oz ekan, koʻp-koʻp kamchiliklar oʻtdi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Sirkasi suv koʻtarmaydigan odam
Sirtiga suv yuqtirmaslik
Suv boʻlmoq
-
Bemor isitmalab, suv boʻlib yotibdi;
-
Temirchining qoʻlida temir erib suv boʻlar. Maqol
Suv yoʻgʻida tayammum
Suv tekin
Suv qilib (yoki suvdek) ichmoq (yoki ichib yubormoq)
Suv qilmoq
-
Navroʻzda duv-duv gap tarqalgandi: Saidxon kolxozning faloncha pulini gumdon qilib, qamalib yotganmish, pismadonchi molni suv qilib, qoʻlga tushib qolganmish. Sh. Toshmatov, Tongdagi koʻlanka
-
Oʻn yetti kun deganda [Moʻminjonning] xati keldi yana xati kelguncha, bilmadim, necha marta oʻqib chiqqanmikinman uni. Xuddi suv qilib yubordim. Q. Maqsumov, Muhabbat qoʻshigʻi
Suv quygandek (tinch, jimjit)
-
Navoiyning uyi suv quygandek jimjit, hamma oyoq uchida yurar, bir-birlari bilan shivirlashib gapirishar edi. M. Osim, Sehrli soʻz
Suvga oqizmoq (yoki tashlamoq)
-
U [dehqon] molini sotmadi — suvga oqizdi. Yoʻq, suvga oqizgandan battar boʻldi. Oybek, Tanlangan asarlar
Suvga tushgan nondek boʻshashmoq
-
[Otabek] Suvga tushgan nondek boʻkib, boʻshashib, yuz xil sovuq, yaramas xayollar qoʻlida ezilib, oʻzining dunyoda bormi-yoʻqligiga ham tushunmay keta beradir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Suvga tushsa, quruq chiqadigan
Suvga urib ketmoq
-
Dunyodan umidi boʻlmagan odamda did ham, orzu-havas ham suvga urib ketar ekan. A. Qahhor, Qoʻsh-chinor chiroqlari
Suvda maza bor, bunda maza yoʻq
Suvday bilmoq (yoki ichmoq, ezib ichmoq)
-
[Ertoʻgʻon ota] Suv ilmin suvday ichgan Daryolarning sultoni. Qirq kolxozga suv surgan Miroblarning polvoni. Q. Muhammadiy
Suvday serob boʻling
Tagiga suv ketdi
-
Boylikning tagiga suv ketdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Tushingizni suvga ayting
Oʻzini oʻtga (ham), suvga (ham) urmoq
Oʻt bilan suvdek
-
Ilgarilari oʻt bilan suvdek boʻlgan kundoshlar endi sirdosh boʻlib, chekka-chekkada pichirlashadigan boʻldilar. A. Muxtor, Opa-singillar
Qoʻlini sovuq suvga urmaydi
Gʻalvirni suvdan koʻtarmoq
SUV so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
СУВ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
suv so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar