tort
bilan ulashing
1. Biror yeridan ushlab, tutib, oʻziga tomon surmoq yoki surishga harakat qilmoq.
-
Eshikni tortib ochmoq. Qoʻlidan tortib turgʻizib qoʻymoq.
-
Sidiqjon tutning ostida otning boshini tortib: — Tut yemaymizmi? — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Anzirat kampir quti oʻchib, oʻrnidan turdi, Bashoratning yoniga kelib, uning boshini koʻkragiga tortdi. A. Muxtor, Opa-singillar
-
[Gavhar] Talʼat bilan yuzma-yuz turgan Mansurning koʻlidan ushlab tortdi Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
2. Orqasiga tirkalgan, qoʻshilgan va shu kabilar holatdagi narsani kuch bilan olgʻa yurgizmoq, yurgizib olib bormoq.
-
teplovoz soʻnggi marta qichqirib, sostavni tortib ketdi. H. Gʻulom, Feruza
-
Hoʻkiz kallasini egib, omochni tortishga urinar, qoʻshchi esa hadeb qistardi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Kichkinagina mashinasini tortib yurgan bola Muhiddinni oʻziga jalb qildi. R. Fayziy, Choʻlga bahor keldi
3. Ichiga kuch bilan yoʻnaltirmoq, yuritmoq.
-
Komiga tortmoq.
-
Qaʼriga tortmoq.
-
Nishonov papirosini tutatib, yaxshilab tortib oldi-da, stol ustiga engashdi. S. Zunnunova, Yangi direktor
-
Muqaddam flakondagi dorini shprisga tortib oldi-da, ignasini yuqoriga koʻtardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
4. Biror nuqta (joy)dan boshqasi oraligʻiga oʻtkazmoq, yuritmoq.
-
Zulfiqor, boboning koʻlidan teshani olib, [qoziqni] yana ham mustahkamladi-da, Meʼmorga qarab: — Endi ustiga mix qoqib, kanop tortaversak boʻladimi? — deb soʻradi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Bir necha kun ilgari aloqachilar sim tortib yurib, Davronni uchratishgan edi. T. Rustamov, Mangu jasorat
5. Atrofidan tarang qilib oʻtkazmoq, bogʻlamoq.
-
Hotam esa otining ayil-pushtanini qaytadan tortdi M. Hazratqulov, Jurʼat
-
Qarshisida koʻkragidan qayish tortgan, qizil shapka kiygan militsioner turibdi. Guldasta
6. Biror narsani, uning sirtini, ochiq joyni toʻsmoq, berkitmoq.
-
Betiga niqob tortmoq.
-
Bir tomonda dorbozlar dor tikadi, qoʻgʻirchoqbozlar chodirxayol pardasini tortadilar. S. Siyoyev, Avaz
-
Haligi xotin qisilgandanmi, uyalgandanmi, boshidagi oq doka roʻmolini yuziga tortib, qoʻya ber deganday qilib, boshini silkitdi. Oydin, Fonar tagida
7. Oʻziga qaratmoq, moyil qilmoq, jalb etmoq.
-
Diqqatni oʻziga tortmoq.
-
Quyosh, toza havo, keng, tiniq zangori osmon koʻzlarni beixtiyor tortadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Toʻlqinjon shu kungacha Hurini sira qiziqtirmagan edi. Garchi Toʻlqinjon chiroyli boʻlsa ham, qizni oʻziga tortmasdi. F. Musajonov, Huri
-
Olib kirilgan choy ham sovib qolar, allaqanday oʻlchovlar — uchburchaklar xayolini tortib ketardi. Mirmuhsin, Meʼmor
8. Biror ishga aralashtirmoq, qotishtirmoq, jalb etmoq.
-
Ishga tortmoq. Oʻqishga tortmoq.
-
Shahidbek mulla Abdurahmonni soʻzga tortdi: — Nima lavozimatdalar, taqsirim? A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Bunday qilaman, — labini qimirlatib, oʻz-oʻziga shivirladi Yoʻlchi, — avval shunday odamlarni tortamanki, oʻzimga qanday ishonsam, ularning diliga shunday ishongan boʻlay. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Ular orasidan bizni qoʻllab-quvvatlayman, deganlarini xizmatga torting. K. Yashin, Hamza
9. Oʻzini, kimsa yoki narsani biror joyga, holatga olmoq.
-
Bundan oʻzini tortmoq. Doʻstini chetga tortmoq.
-
Matpanoning biqinida turgan qalandar unga boshdan-oyoq razm soldi, oʻzini sal chetga tortdi. S. Siyoyev, Avaz
-
Kichik ofitser ham, soldatlar ham ulardan oʻzlarini tortishdi. Mirmuhsin, Chodrali ayol
-
Bir kuni kechqurun, yotar mahalda ayamni chetga tortib shivirladim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
10. Ayrim soʻzlar bilan qoʻllanganda, urmoq maʼnosini bildiradi.
-
Tigʻ tortmoq. Tarsaki tortmoq.
-
[Dadam] Oldimga keldilar-u, shapaloq bilan tortib yubordilar. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Otliq bor kuchi bilan dehqonning yuz-koʻzi aralash qamchi tortib yubordi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
11. Ulashmoq, tarqatmoq, qoʻymoq (mehmonlarga ovqat).
-
Mehmonlarga osh tortmoq. Patnis tortmoq.
-
Norinni tortib boʻlgandan keyin Anorgul hamma tovoq-qoshiqlarni toza qilib yuvib oldi. Oydin, Hazil emish
-
Taomning ustidan qizlar tortadi Beklarga opkelib qovurma goʻshtni. Alpomish
12. Tarozida ogʻirligini oʻlchamoq.
-
Qovunni tortib koʻrmoq.
-
Tortib berganda, oʻzinglar qarab turganmidinglar? Nima endi kam deb, betinglarni yulasizlar? M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Bir oydan keyin qoʻyni tortib koʻraman, qoʻy semirmasligi kerak (debdi xon). Chalpak yoqqan kun
13. Chizmoq, chiziq shaklida iz solmoq; qazimoq.
-
Chiziq tortmoq. Reja tortmoq. Joʻyak tortmoq.
-
Meʼmor oʻz chodiri yonida yelkasiga peshmatini solib kitob oʻqir, tosh bostirib qoʻygan yaxlit qogʻozni olib, chiziqlar tortar, xayol surar edi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Togʻa vaʼdasida turib, kanaldan ariq tortib kelishga odam yubormasa, ishimiz chatoq boʻladi. S. Ahmad, Ufq
14. Tegirmonda donni unga aylantirmoq.
-
Un tortmoq.
-
Tegirmonchi: — Ertaga keling, afandi, bugʻdoyingizni tortib qoʻyaman, — debdi. M. Hazratqulov, Jurʼat
15. Kamaytirmoq, ozaytirmoq; cheklab qoʻymoq.
-
Puldan bir oz tortib qoʻymoq.
-
— Mol degani iymasa, tanasi yayramaydi, Tanasi yayramasa, sutini tortadi, — dedi Adol xola. A. Mirahmedov, Oʻt yuraklar
16. Oʻziga singdirmoq, shimmoq.
-
Chuqur suvni tortib ketibdi. Guruch suvini tortibdi.
17. fizika Zarralar, jismlar oʻrtasidagi joziba kuchi tufayli oʻz tomoniga surmoq.
-
Magnit temirni tortadi.
18. Biologik, jismoniy tuzilish yoki maʼnaviy jihatdan tugʻganlariga, tugʻishganlariga oʻxshamoq.
-
Qazisan, qartasan — axir aslingga tortasan. Maqol
-
Sen kimga tortding-a? Ota-onamiz qoʻydan ham yuvosh odamlar edi-ku! Yo. Xaimov, M. Rahmonov, Hayot-mamot
-
— Buningiz shahzodalarga munosib, — dedi Oysha xola sekingina Sanam otinga oʻgirilib. — Onasiga tortdi. Sh. Toshmatov, Erk qushi
-
Otangga tortib, xotin kishini xoʻrlasang agar, senga bergan oq sutim harom boʻladi, oʻgʻlim, bilib qoʻy shuni! S. Anorboyev, Mehr
19. Boshdan kechirmoq, chekmoq; his qilmoq, sezmoq.
-
Azob tortmoq. Tashvish tortmoq. Dard tortmoq. Xijolat tortmoq.
-
[Valixoʻja tutaqib:]
-
Uchastkani sen qil-u, jabrini men tortaymi? N. Safarov, Hayot maktabi
-
Roʻzgʻordan shunday tanglik tortdikki, gapirsam, balki ishonmaysiz. Oybek, Tanlangan asarlar
20. Oʻzi birikib kelgan soʻz bildirgan holat-vaziyatni egallamoq maʼnosini bildiradi.
-
Ingichka tortmoq. Yoʻgʻon tortmoq. Baquvvat tortmoq.
-
Qurbon ota ancha dadil tortdi. S. Nurov, Narvon
-
Momaqaldiroq guldurab, u hushyor tortdi. Yoshlik
-
Darhaqiqat, kuz havosi musaffo boʻlib, sumbula suvi tiniq tortadi. Gazetadan
21. Koʻngil, dil kabi soʻzlar bilan qoʻllanib, ixtiyor etmoq, xohlamoq maʼnosini bildiradi.
-
Yoʻldan oʻtayotib, koʻnglim tortib, bir koʻray dedim sizni. S. Nurov, Narvon
tort soʻzi qatnashgan jumlalar:
Burnidan tortsa yiqilguday
Dorga tortmoq
-
Olib kelib, dorga tortib oʻldirib Yusuf va Ahmad
Yoʻl tortmoq
-
Ot oʻynatib yoʻl tortdi. Yakka dushmanning yoʻliga. Gulshanbogʻ
Oyogʻi tortmaslik
-
Oʻrganmagan yerga borishga oyogʻim tortmadi. Biroq ayam xafa boʻlmasin, deb aytolmadim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Oyogʻidan tortmoq
-
Nechun bir-birining koʻziga choʻp solur, bir-birining oyogʻidan tortur, vaqti kelsa, bir-birining boʻgʻziga panja urmoqdan toymas. S. Siyoyev, Avaz
Oyogʻini tortmoq
-
U qamalgan kundan beri oyogʻini tortgan, hatto koʻchib ketganlar ham keldi. S. Yunusov, Kutilmagan xazina
Aravangni tort
Qoʻshin (yoki lashkar, askar) tortmoq
-
Lashkar tortib yurish qilsa, Oʻnin koʻzlab, birin sanchar. Gulnorpari
-
Goʻroʻgʻli dushmanga askar tortadi, Oriyat yoʻlida jonin sotadi. Gulshanbogʻ
Bosh tortmoq
-
Armani usta qora marmar lavhadagi soʻzlarni oʻchirib, qayta yozishdan keskin bosh tortdi. N. Aminov, Suvarak
Tap tortmaslik
-
Har qanday mushkuldan man tortmay, tikka qarshi boradigan oʻtyurak koʻrinadi. A. Muxtor, Boʻronlarda bordek halovat
-
Yusuf qiziqqa nihoyat darajada qattiq botganidan, sira man tortmay, boyni savalay ketdi. K. Yashin, Hamza
Panoh tortmoq
-
Sizni panoh tortib keldik, ustod. Maqsad — mana shu oʻgʻlimni shogirdlikka qabul qilsangiz Mirmuhsin, Meʼmor
TORT so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ТОРТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
tort so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar