ushla
bilan ulashing
1. Qoʻl, panja bilan daxl qilmoq, tutmoq.
-
Peshonasini ushlamoq. Ikki qoʻli bilan boshini ushlamoq. Koʻkragini ushlamoq.
-
bu tekin tomoshadan zavqlanib, qorinlarini ushlab, qotib-qotib kulishardi. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Bu kishi shunaqa, bogʻdan devorlarni ushlab chiqib ketmasa, hisob emas A. Qahhor, Asarlar
-
Nabijon bemorning tomirini ushlab, yuziga qaradi. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
2. Qoʻl, panja, barmoq(lar) orasiga olmoq, shunday holda tutmoq.
-
— Ogʻirroq boʻling, shayx! — dedi soʻyil ushlab turgan yoʻgʻon bir yigit. K. Yashin, Hamza
-
Eshik oldiga yetganida, negadir oʻzining ham oʻsha yoqqa keta-yotganini sezib, hayajon ichida tutqichni ushladi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Har zamonda bir qoʻlida toʻrxalta, bir qoʻli-da zontik ushlagan qari-qartanglar, bolalar oʻtib turibdi. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Alizamon uning qoʻlidan ushlab, tinchlantirgandek silab qoʻydi. A. Obidjon, Akang qaragʻay, Gulmat
3. Qoʻl bilan tutib olmoq; tutmoq.
-
Ular [qizlar] chimchilovchilarni qargʻaydilar. Ushlab olsalar, uradilar. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Qiz uni [tovuqni] ushlab olgani koʻp urindi A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Voydod, hoy, qoʻshnilar ushlanglar hoy, Abdurahmon, ushla uni! S. Zunnunova, Olov
4. Qoʻlga olmoq, qoʻlga tushirmoq (masalan, jinoyatchini).
-
Bu yerga kelib, faqat ayrim xavfli shaxslarni kuzatib, ularni jinoyat ustida ushlab, qamoqqa tashlash bilan kifoyalanib K. Yashin, Hamza
-
Bir necha soldat kelib, mahbuslarni ushladi, yasovul hammasining qoʻliga kishan urdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
5. Biror holatdan (ketish, yoʻq boʻlish va shu kabilardan) saqlamoq; tutmoq.
-
Uni to shu paytgacha ikki narsa ushlab turar edi: birodarining uyiga quruq qoʻl bilan kirib borgisi kelmasdi. U shahid ketgan boʻlsa, bolalari zoriqayotgandir, bir tishlamdan boʻlsa ham u-bu olib boray, derdi. T. Malik, Ajab dunyo
-
Beayov tong yaqinlashmoqda. Yovdan tortib olingan joyni ushlab turishsa, bas. Nazarmat, Joʻrlar baland sayraydi
-
U Zulfiqorni ortiq ushlab turmay, fotiha berdi. Mirmuhsin, Meʼmor
6. Beriladigan haqni yoki uning bir qismini bermasdan chegirib olmoq, olib qolmoq, tutib qolmoq (qarz, jarima kabi toʻlovlar hisobiga).
-
Kassir oylikdan besh soʻm ushladi.
7. koʻchma Saqlamoq, tutmoq.
-
yolgʻiz boshimga ham Toshkentdan, ham Margʻilondan ikki xotin ushlab turish ogʻirlik qila boshladi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Said aka, bolalar ertalab albatta sut ichishlari kerak deb, koʻp yillardan beri mol ushlardi. Oʻ. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
8. Rioya qilmoq, amalda tutmoq (qonun-qoida, taomil kabilar haqida).
-
Yer-suv ishlaganniki! Faqat ishlagan tishlaydi! shiorini mahkam ushlab ish qildik. N. Safarov, Olovli izlar
-
Shariatni mahkam ushlagan xotin shaharda ikkita boʻlsa, biri — mulla Norqoʻzining xotini, ikkinchisi — shu! A. Qahhor, Mayiz yemagan xotin
9. Qoʻzgʻamoq, tutmoq (vaqti-vaqti bilan avj oladigan kasallik haqida).
-
Kutilmaganda sanchiq ushladi.
-
Kumushni oʻqtin-oʻqtin ogʻriq ushlamoqda. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
ushla soʻzi qatnashgan jumlalar:
Nozik joy(i)dan ushlamoq
-
Darhaqiqat, Kumush eng nozik joydan ushlagan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Etagini ushlamoq
-
Oʻrtoqjon, men sening rahbarligingda odam boʻlaman, deb etagingni mahkam ushlaganman. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
USHLA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
УШЛА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ushla so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar