gul
bilan ulashing
1. bot. Yopiqurugʻli oʻsimliklarning urchish uchun xizmat qiladigan, gulband, kosachabarglar, tojbarglar, changchilar va urugʻchidan iborat qismi.
-
Olma guli. Nok guli.
-
Nurining hovlisidagi giloslar gullagan. Ularning oppoq, koʻrkam gullari quyosh nurida juda nafis tovlanar. Oybek, Tanlangan asarlar
2. Atirgul va umuman ziynat uchun ekiladigan yoki tabiiy, oʻzi oʻsadigan gulli oʻsimliklar; chechaklar.
-
Pushti gul. Oq gul. Qoʻqon gul. Tikansiz gul boʻlmas, mashaqqatsiz — hunar. Maqol
-
Dala yoʻlining ikki tomonidagi bogʻlar tutash gullar bilan qoplangan. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Supalarning oralariga, atrofiga anvoi gullar ekilgan. A. Qahhor, Asror bobo
3. Biror narsaga tabiatdagi gullar shaklida chizib, tikib, bosib yoki oʻyib tushirilgan bezak, naqsh; ornament.
-
Tez kunda albomning varaqlari fotosuratlarga va boʻyoq qalamda chizilgan gullarga bezandi. H. Nazir, Choʻl havosi
-
Mehrini esa doʻppisining gulidan tanidi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
4. koʻchma poet. Goʻzal.
-
Tulni gulga qoʻsh. Maqol
-
Ikkovi ham uzilmagan gul. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Bermagil yovuzlarga bir daqiqa xushnudlik, Gul Vatanning mard oʻgʻli, koʻkragingni qalqon qil. Gʻayratiy
5. koʻchma (1-sh. egalik qoʻshimchasi bilan murojaat shakli) Yor, sevikli ayol.
-
Gulim, senga aytar soʻzim bor.
-
Maktubimga javob yozmading, dildor, gulim ham bahorim sensan, Gulbahor. M. Alaviya.
6. koʻchma (3-sh. egalik qoʻshimchasi bilan) Eng yaxshisi, sarasi; fayz kirituvchisi, qizituvchisi.
-
Yigit (lar)ning guli. Ziyolilarning guli.
-
Shoh qiz, shakar qiz, qizlarning guli, Qoshlaringni koʻrsatgil, men uning quli. S. Ayniy, Doxunda
-
Yigitali kelin-kuyovning maqsadi, borar manzilini bilsa ham, ularning salomlariga alik olgach, koʻngil uchun soʻradi: — Ha, yigitning guli, yoʻlingiz boʻlsin? T. Malik, Ajab dunyo
-
Fasli bahor. Qoʻshnim Gʻafur Gʻulomning ellik yilligi. Oʻshanda Bulbul Mamedov toʻyxonaning guli boʻlgan edi. H. Nazir, Maftuningman, Ozarbayjon.
7. etn. Bahorda, gullar ochilganda, marhum xotirasiga bagʻishlab uning yiliga qadar oʻtkaziladigan marosim.
-
Cholning yostigʻi tagidan topilgan pul uni koʻmib kelishgagina yetdi. Hali bu yoqda uchi, yettisi, yigirmasi, fotihaxonligi, shakligi, iftorligi, ikki hayiti, guli, qovoq oshi, qovun-uzumi, yil oshisi, oq solar va hokazolar bor. M. Osim, Tilsiz guvoh
gul soʻzi qatnashgan jumlalar:
Qizil gul
Tuvak gul
Gul tashlamoq
-
Non gul tashlabdi.
Gul qilmoq
-
Xarob boʻlgan roʻzgʻorni Ishlab-ishlab gul qilgan. Oysuluv
-
Oʻlan aytib, toʻylarni gul qilasiz, Bu xizrni oʻzingizga pir qilasiz. Oq olma, qizil olma.
Oʻn gulidan bittasi ham ochilmagan
-
Ana shu xayollar Begimxonni bezovta qilardi: — Un gulimdan bir gulim ochilmay turib, tul boʻlib qoldimmi?! — deb oʻksindi u. I. Rahim, Chin muhabbat.
Qoʻli gul
-
Zokir ota, shubhasiz, juda tajribali paxtakor, qoʻli gul odam. A. Qahhor, Xotinlar
tibbiy Qizilcha, qizamiq va boshqa baʼzi bir kasalliklar bilan ogʻrigan vaqtda badanda paydo boʻladigan mayda qizil toshma.
-
Bolaga gul toshdi.
-
Uning bir koʻziga gul tushib, koʻrolmay qolgach, xalq uni Nazirkoʻr deb atay boshlagandi. J. Sharipov, Xorazm
GUL so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ГУЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
gul so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar