og‘
bilan ulashing
1. Biror tomonga yotib, qiya holat olmoq, qiyshaymoq, engashmoq, yonboshlamoq.
-
Kema oʻng tomonga ogʻdi. Devor ogʻib qoldi.
-
Ortiq soʻzlay olmadi, boshi bir tomonga ogʻib tushdi-yu, jim boʻldi joni uzilgan edi. X. Toʻxtaboyev, Yillar va yoʻllar
-
Anisimov hamisha devorni ogʻgan tomonga yiqitadi. E. Samandar, Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq
2. Biror tomonga, pastga sirgʻanib, osilib tushmoq.
-
Qorinbogʻ boʻshab, otning egari chap tomonga ogʻib ketibdi.
3. Toʻgʻri, tik yoʻldan yoki belgili yoʻnalishdan chetga chiqmoq.
-
Samolyot kursdan ogʻdi.
4. Burilmoq, chetga chiqmoq; biror tomon siljimoq.
-
Yaxshiboyev gap mavzusi chetga ogʻib ketganini sezdi. M. M. Doʻst, Lolazor
-
Bek aka boshini kaftlari orasiga oldi: — Beburd boʻlib qoldim chogʻi yoshim ogʻib! S. Nurov, Narvon
5. Boʻlinmoq, chalgʻimoq (oʻy-xayol, diqqat-eʼtibor haqida).
-
Birdan diqqati ogʻib, ularga quloq tutdi. Sharq yulduzi
6. koʻchma Toʻgʻri yoʻldan adashmoq, chetga chiqmoq, toymoq; biror siyosiy oqimdan, maslakdan toymoq, qaytmoq.
-
Menimcha, oʻrtoqlar, Qoʻchqorov partiya yoʻlidan ogʻib, yot unsurlar taʼsiriga tushib qolgan odam. S. Anorboyev, Oqsoy
7. Biror tomonga yoʻnalmoq, qaramoq (koʻz haqida).
-
Hojixola, Toʻraxonning xayolchan koʻzlariga qarab olib, javob kutdi. Juvon koʻzlari sekin yerga ogʻdi: Roziman. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Raʼnoning yerga qaragan koʻzi sekingina Anvarga koʻtarilib, yana yerga ogʻdi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
8. Eng yuqori nuqtadan, zenitdan oʻtmoq (Quyosh, Oy va yulduzlar haqida).
-
Quyosh kunbotarga ogʻib, soyalar choʻzilib qolgan boʻlsa ham, tepalar hamon oftob selida jimirlab yotardi. M. Mansurov, Yombi
-
Ufqqa oqqan quyosh koʻkni tutgan tutun orasidan goʻyo qora shisha orqali koʻringanga oʻxshaydi. Oybek, Quyosh qoraymas
9. Maʼlum bir muddatdan, paytdan oʻtmoq, oshmoq.
-
Vaqt yarim kechadan oqqan edi. M. Muhamedov, Qahramon izidan
-
Kun asrdan ogʻib, shomga yaqin qolgan, shuning uchun guzardagi doʻkonlardan ochigʻi uch-toʻrtta edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
10. koʻchma Biror tomonga oʻtmoq, unga moyil boʻlmoq yoki yon bosmoq.
-
Biron eʼtiborliroq odam zakon [qonun] soʻqib qolsa, darrov oʻsha tomonga ogʻib ketishardi. J. Abdullaxonov, Xonadon
-
Bu zamonda kimning jin chaqasi koʻp boʻlsa, odamlar oʻshanga ogʻadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Salomat qaqshoq oʻgay ona bilan chiqisholmadi. Har kun janjal, eshitmagan gapi, yemagan turtkisi qolmadi. Ota ham suyukli xotin tomonga ogʻib ketdi. S. Ahmad, Hukm
og‘ soʻzi qatnashgan jumlalar:
Kun ogʻdi
-
Kun ogʻib, yerga soya tushishi bilan Hamro opaning yuragi pitirchilab qoldi. Oydin, Oʻzidan koʻrsin
-
Tun ogʻdi. Kechaning yarmidan koʻpi oʻtdi, yarim kechadan oshdi. Tun oqqach, batalon keldi. Shuhrat, Shinelli yillar
Boshi ogʻib
-
Boshi ogʻib kelib qoldi.
Boshi oqqan tomonga ketmoq
-
Nusratdek vujudini chulgʻagan parishon kayfiyatdan forigʻ boʻlish uchun birdan boshi oqqan tomonga ketish ishqiga tushdi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
Koʻngli ogʻmoq
-
Qizing, turkman eldan birov topibdi, Qizing koʻngli shu turkmanga ogʻibdi. Ravshan
Esi (yoki hushi) ogʻmoq
-
Men, esim ogʻib, uning ogʻziga tikilganimcha, qimirlamay oʻtirib qoldim. Oydin, Sadagʻang boʻlay, komandir
-
Adolatning bir nuqtaga tikilgan koʻzlariga qarab qoʻrqib ketdi: esidan ogʻib qolsa-ya! Hali bu koʻrgilik ham bormidi unga. S. Zunnunova, Gulxan
-
Hafizaning birdan rangi oqarib, goʻyo boshiga yuz pudlik gurzi tushgandek, esi ogʻib qoldi. Mirmuhsin, Umid
OG‘ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ОҒ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
og‘ so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar