tag
bilan ulashing
1. Narsaning ostki, pastki qismi, tubi.
-
Paqirning tagi teshilibdi. Tuflining tagi loy boʻlibdi.
-
Qoʻgʻazordagi vodokachka tiklanadigan boʻlsa, tagi bilan qoʻporib tashlaymiz. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. Biror holatda boʻlgan, joylashgan narsaning ost tomoni, pastki tomon (yer, boʻshliq yoki boshqa narsa).
-
Stolning tagiga bekinmoq.
-
Toʻgʻon tagidan oʻtgan suv
-
shalolasi kanalni teshib yuborishi yoki qirgʻoqlarni oʻpirib ketishi mumkin. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Koʻkragini baland tutdi-da, yaktak choʻntagidan nosini olib, bir chimdimini til tagiga tashladi. Oydin, Hikoyalar
3. Tik holatli narsalarning ost qismi atrofi, yon-beridagi yer sathi.
-
Doim devor tagida turadigan stol ikki karavot oʻrtasiga olingan. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Kun tikkaga kelguncha toʻxtamay yurib, tik choʻqqining shundoq tagiga keldik. Oʻ. Usmonov, Sirli sohil
4. Narsa yoki shaxsning boshqa bir narsa, sath va shu kabilarga tegib, oʻrnab turgan tomoni; ost.
-
Koʻrpachaning tagi. Xat stol ustidagi kitobning tagida.
-
Maktubni oʻqib, yostiq tagiga qoʻydi. K. Yashin, Hamza
-
U bir oz oldinda, tagidagi saman yoʻrgʻaning bir tekis yurishiga mos sal chayqalib, xayolga choʻmib oʻtiripti. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
5. Narsaning oʻz sirtiga qarama-qarshi boʻlgan tomoni; ich.
-
Domla yer ostidan paranji tagida jilpanglab turgan shoʻx ayaga bir boqdi-da, nikoh xutbasini boshlab yubordi. Mushtum
-
Pidjagining tagidan kiyilgan oq sadaf tugmali rangdor, katak koʻylak arzon kostyumga juda mos kelgan. P. Qodirov, Uch ildiz
6. Yer, suv kabilarning ost, ich tomoni; ost, ich.
-
Bilmadim, koʻkka uchdimi, yer tagiga kirdimi Oybek, Tanlangan asarlar
7. Asli, zoti (ota-bobolari), kelib chiqishi.
-
Tagimiz kambagʻal. Otamizning kasbi hammollik edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
U ham tagi koʻrgan oiladan chiqqan. Mirmuhsin, Umid
-
Mening otim — Olim. Tagi Chorvoqlikman. S. Karomatov, Bir tomchi qon
8. Zamir; asos.
-
Ahmad buning tagida bir gap borligini payqadi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Elmurod qassobning siyosat toʻgʻrisidagi savoli tagida uning oʻz gʻarazi va tashvishi yotganini payqadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
9. Oxir-oqibat, natija.
-
Sabr tagi — sar(iq) oltin. Maqol
-
Mehnat tagi — rohat, degan qadimgilar. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
Ustod Qavom bu ishning tagi yomonligini bilardi. Mirmuhsin, Meʼmor
10. (3-shaxs egalik qoʻshimchasi bilan — tagi) Narsaning muayyan holati, miqdori (koʻp yoki oz (kam) soʻzi bilan qoʻllanadi).
-
Keyin birini ilitib, birini pishirib yeb, ikkisini choʻntagiga solib ketdi. Tagi koʻp boʻlsa ham koshki edi. Mushtum
-
Oʻgʻlim, bu ikki otga yarashiqli narsalarning ham tagi kamdir. Erali va Sherali
tag soʻzi qatnashgan jumlalar:
Burni (yoki tumshugʻi) tagida
-
Burnimizning tagida ekan-u bu laʼnatilar, yana qidirib yuribmiz. A. Ubaydullayev, Qonli izdan
-
Poyezddan tushgandan keyin shunday tumshugʻimiz tagida ekansan-ku, biz boʻlsak qayoqlarga borib yuribmiz. E. Raimov, Ajab qishloq
Doʻppining tagida odam bor
Yer tagidan qaramoq
-
Bu gap Badiaga yer tagidan qarayotgan Zulfiqor Shoshiy ustidan goʻyo sovuq suv quygandek boʻldi. Mirmuhsin, Meʼmor
Koʻz tagiga olmoq
-
Koʻz tagiga olib qoʻyganing bormi oʻzi? M. Qoriyev, Oydin kechalar
-
Oldin institutni bitiray, keyin oʻzim moʻljallab, koʻz tagiga olib yurgan qiz bor. Mushtum
Tagi zil
-
Hazilning tagi zil.
-
Muhammad Argʻunning tagi zil maʼlumotlari Shohruhni ham, Ulugʻbekni ham oyoqqa turgʻazdi. Mirmuhsin, Meʼmor
Tagi ochildi
-
Endi tagi ochildi. Nima demoqchisan? Hamza, Tanlangan asarlar
Tagi past
-
Otasini koʻndiramiz, uning tagi past, jazosi pul-da J. Sharipov, Xorazm
Tagiga yetmoq
-
Botirali odamlar ogʻzidagi mish-mishlarning tagiga yetishni istardi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Haqiqatning tagiga yetguncha orada noqulay gaplar boʻlib oʻtdi. Gazetadan
-
Mahkam aka gapning tagiga endi yetdi, kulib yuborishiga sal qoldi. R. Fayziy, Hazrati inson;
-
Oʻgʻlim Hamzaning ham tagiga yetib, oz qoldi meni dogʻ-da qoʻyib ketishiga. K. Yashin, Hamza
Tagiga (yoki tagini) oldirmoq
-
Bizni kutaverishib, oshini tagiga oldiribdi. H. Nazir, Yonar daryo
-
sholini sochmasdan tuyolmaydi, suv qaynatsa ham, tagiga oldirib qoʻyadi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Tagiga suv ketdi
-
Oʻrtada har xil merosxoʻrlar koʻpaydi. Boylikning tagiga suv ketdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
U kunlar Nazirqul uchun eng baxtiyor kunlar edi. Oʻshanday beozor kunlarning tagiga suv ketdi. S. Ahmad, Hukm
Tagida qolmoq
-
Duoning tagida qolmoq. Boylikning tagida qolmoq.
TAG so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ТАГ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
tag so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar