to‘xta
bilan ulashing
1. Davom etmay qoʻymoq, davomdan qolmoq.
-
Ish toʻxtadi. Gap toʻxtadi. Otishma toʻxtadi. Shamol toʻxtadi. Yomgʻir toʻxtadi. Suv toʻxtadi.
-
Oyoq tovushi toʻxtab, narigi yoqdan usta Olimning tovushi keldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Vujudini qaqshatib turgan tish ogʻrigʻi birdan toʻxtaganday, Sidiqjonning koʻzi yalt etib ochilib ketdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Toʻxtab qolgan, qovjiragan buloqlar Sharaq-sharaq yana qaynab chiqmishdir. Gʻayratiy
2. Oʻz ishini, harakatini, faoliyatini bas qilmoq, yurmay, ishlamay qoʻymoq.
-
Soat toʻxtadi. Ventilyator toʻxtab qoldi.
-
[Otabek] Ikki yildan beri toʻxtab qolgan savdogarchilik ishini qaytadan boshlamoqchi edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Yoʻlchi sanqib yurib, anhor yoqasida toʻxtadi. Oybek, Tanlangan asarlar
3. Ish-faoliyat, harakatda uzilish qilmoq, toʻxtam hosil boʻlmoq.
-
Elmurod otin-oyining doʻqi bilan yigʻidan toʻxtadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Sharofatxon, bir zum toʻxtab, atrofga qaradi, soʻng tovushini pasaytirib davom etdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Orada yotsirashga oʻxshash bir hol, nima uchundir bir soʻzlab, ikki toʻxtar edilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. Safarda, yoʻlda biror yerga qoʻnmoq, tushmoq; qoʻngan, tushgan, borgan yerida maʼlum vaqt boʻlmoq, turmoq.
-
Batalon yarim kechada xaroba bir qishloqqa kelib toʻxtadi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
U [Otabek] Margʻilonda koʻp toʻxtamas, bir kun, uzoqqa tor-tilsa, ikki-uch kun turib qaytar edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
5. Turib qolmoq, saqlanmoq.
-
Uning qoʻlida pul hech toʻxtamaydi. Kerakli mol magazinda toʻxtab qolmaydi. Suv qattiq yerda toʻxtar. Maqol
6. Qaror qilmoq, qarorga, toʻxtamga kelmoq.
-
Shunday qilib nimaga toʻxtadinglar?
-
Biz shu yerdagi ogʻaynilar bilan kengashib, bir gapga toʻxtab qoʻydik. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
7. koʻchma Ogʻizga, tilga olib oʻtmoq, toʻxtalmoq.
-
Men bir masala ustida mufassal toʻxtamoqchiman.
-
Lekin, oʻrtoqlar, men ham qisqacha toʻxtab oʻtmasam, tars yorilib ketaman. A. Qahhor, Toʻy
-
Roʻznomadagi asosiy dokladlar ustida soʻzlagan notiqlar koʻproq ijodiy masalalar ustida toʻxtadilar. N. Safarov, Olovli izlar
8. maxs. Homilador boʻlmoq, qochmoq (chorva mollari haqida).
9. Sabr qilmoq, kutmoq.
-
Mayli, yana bir-ikki kun toʻxtab turing!
-
— Toʻxtang boʻlmasa, — dedi, — men bir ish qilayki ammo shu daqiqadan boshlab ixtiyoringizni menga topshiring! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
TO‘XTA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ТЎХТА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
to‘xta so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar