vaqt
bilan ulashing
1. Yuz berib turuvchi voqea-hodisa, narsalarning asrlar, yillar, soatlar, minutlar va shu kabilar bilan oʻlchanadigan davomiyligi, shunday oʻlchov belgisiga ega boʻlgan obyektiv hodisa.
-
Vaqt gʻoyat imillab oʻtardi. Hamma xavotirlanib bezovta boʻla boshladi. K. Yashin, Hamza
-
Lekin vaqt oʻz ishini qildi — oyni gʻarb ufqidan tortib kirib ketdi. Demak, tong otdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
2. Shu obyektiv hodisaning minut, soat, kun, yil va shu kabilar bilan almashinuvidagi oraligʻi, qismi, boʻlagi.
-
Bayramlardagina kiyadigan, boshqa vaqtlarda chamadonida avaylab saqlaydigan oq surp koʻylagini kiydi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Biz bularning yoshida oʻqishni bilardik. Boʻsh vaqtlarni jamoat ishiga sarflardik. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Otabek keyingi vaqtlarda savdoga yurishni tark qilib qoʻygani uchun, Hasanali ishsiz qolgan. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
3. Soat, kun, oy, yil va shu kabilarning uzluksiz izchil almashuvida biror maqsad uchun belgilangan yoki biror maqsad uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan muddat oraligʻi; fursat.
-
Vaqtni qoʻldan bermoq. Vaqtdan yutmoq. Vaqtdan toʻgʻri foydalanmoq. Vaq-ting ketdi — naqding ketdi. Maqol
-
Uning ovozini eshitib, qoʻni-qoʻshnilar yigʻila boshlashdi. Vaqtni boy berish mumkin emasdi. K. Yashin, Hamza
-
boshingizni ikki qilish uchun, albatta, vaqt yetgandir, deb oʻylayman. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Vaqt oʻtdi, biz ozchilikmiz. K. Yashin. Hamza
-
Vaqtingiz boʻlsa, birpas gaplashaylik. S. Ahmad, Yulduz
4. Vaqtning biror narsa, ish-mashgʻulot uchun belgilangan, ajratilgan boʻlagi; muddat.
-
Masalani toʻgʻri yechdi-yu, oqqa koʻchira-yotganida, vaqti tugab qoldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Tanaffus vaqtida hamma mukofotlanganlarni, mukofotlanganlar esa
-
bir-birlarini tabriklab, zal va foyelar gʻovur boʻlib ketdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Suhbatimiz shu yerga yetganda soqchi kirib, vaqtlaring tugadi, deya ogohlantirib qoʻydi. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
5. Obyektiv oʻtuvchi vaqtning maʼlum ijtimoiy hodisa, holatlar bilan bogʻliq, ular bilan kechgan boʻlagi; zamon, davr.
-
Quldorlik vaqtida. Moʻgʻumar hukmronligi vaqtida.
-
Chor hukumat vaqtidagi qulligingni oʻylasang. Hamza
6. Obyektiv tarzda kechuvchi zamon, davrning, kishi hayotining maʼlum, aniq bir boʻlagi, nuqtasi, oraligʻi.
-
Vaqt kech boʻlib qoldi. Bolalik vaqti. Yoshlik vaqti. Yoz vaqti. Namoz vaqti. Ertalab Qoʻqondan chiqsa, asr vaqtlarida Margʻilonga kiradir A. Qodiriy Oʻtgan kunlar
-
Vaqt peshindan oʻtgan, koʻk yuzida quyosh charaqlab turardi. S. Karomatov, Oltin qum
-
qizlik vaqtida Nuri ularning kulbasiga juda oz chiqar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
7. fls. Borliqning, makon kabi, obyektiv real shakli, materiyaning yashash shakllaridan biri.
-
Nisbiylik nazariyasi — materiya mavjud boʻladigan fazo va vaqt nazariyasidir. Fan va turmush
vaqt soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ayni vaqt(da)
-
Ayni vaqtda konsert davom etyapti.
-
Jurnalistika shu qadar ommaviy, ayni vaqtda, shu qadar yoqimli ishki, shu kasbning sohiblari doimo yurtning fikri-zikrida yashaydilar. X. Yodgorov, Hayot toʻlqinlari
-
U birov bilan shaxmat oʻynar va, ayni vaqtda, yigirmaga yaqin odamni ogʻziga qaratib, kuldirib oʻtirar edi. A. Qahhor, Quyushqon
Aksar vaqt
-
Avaz yozda., bogʻ-hovliga chiqib ketar, koʻllarga borib, baliq ovlar, aksar vaqti ijod bilan band boʻlar edi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Baʼzi vaqt
-
Baʼzi vaqt shularni oʻylab qolaman.
Besh vaqt namoz
-
Besh vaqt namozni kanda qilmasdan oʻqiydi, ixlos bilan roʻza tutadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Bir vaqt
-
Uning oʻzi bir vaqt Rustamni yaxshi koʻrardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol;
-
Bir vaqt eshikdan ikki oʻspirin kirib keldi. Guldasta
-
Bir vaqt munday qarasa, uni chaqirayotgan Oqila buvi emas, jigarrang paltoli chiroyli qiz ekan. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Bir vaqt Majid qulogʻi tepasida Fayzi otaning ovozini eshitib, boshini koʻtardi. Guldasta
Bir vaqtlar
-
Bir vaqtlar erkak zotini telba qilishga qodir boʻlgan bu ohu koʻzlariga, hamon bichimi buzilmagan qaddi-qomatiga tikilgancha, miq etmay oʻtiraverdi. K. Yashin, Hamza
-
Bir vaqtlar joʻr boʻlib oʻtli yoshlikka, Yurardim hech soʻnmas tilagim bilan. A. Oripov, Yillar armoni
Bir vaqti kelib
-
Bu qishloqda oʻsadigan bolalar bir vaqti kelib, ehtimol, bizning koʻp ishlarimizdan kulishar. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Vaqti kelib
-
Vaqti kelib, bu odamga nima uchun inobatlik sifati berilgani kishilarning esidan chiqib ketadi. A. Qahhor, Asarlar
-
Shunday yangi xil oʻsimliklarni yaratish mumkinki, ular, vaqti kelib, ovqat xillarini koʻpaytiradi. Gazetadan
VAQT so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ВАҚТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
vaqt so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar