xudo
bilan ulashing
1. Diniy tushunchaga, xususan islom diniga koʻra, butun mavjudotni, butun olamni yaratgan va uni boshqaruvchi oliy ilohiy kuch; har qanday dinning eʼtiqod qilish asosi (musulmonlarda: Alloh soʻzining sinonimi).
-
Xudo butun jonivorlarni yaratib boʻlib, har qaysisiga umr ulashadigan boʻlibdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
— Mirzo Anvar inimga xudo martaba ato qilgan emish deb eshitdim, — dedi Safar boʻzchi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
2. Koʻpxudolikda olamning qandaydir bir qismining oliy hukmdori.
-
Sevgi xudosi. Urush xudosi.
-
Goʻzallikning qoshida axir Choʻkka tushgan hatto xudolar. A. Oripov
xudo soʻzi qatnashgan jumlalar:
Avvali xudo
-
[Ibn Yamin:] Qizimning jonini avvali xudo, qolaversa, siz asrab qoldingiz. K. Yashin, Hamza
Azbaroyi xudo
-
— Agar eshikni yopib uxlasang, azbaroyi xudo, hujrangda bir haftagacha tong otmaydi, — dedi Mirvali. A. Qodiriy, Kichik asarlar
Xudo asrasin (yoki saqlasin)
-
Ishqilib, oʻzingga ehtiyot boʻl, bolam. Biror falokatdan xudo asrasin! H. Gʻulom, Mashʼal
-
[Meʼmor:] Munofiqlardan xudo asrasin! Mirmuhsin, Meʼmor
Xudo berdi
-
Keyin Gulnorga xudo beradi, u erka, arzanda xotin boʻlib, erga suyalib, koʻngliga nima kelsa, shuni qiladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Xudo bilsin (yoki biladi)
-
Qorongʻida yaxshi ajratolmadim, tusini gʻira-shira anovi qora Homidga oʻxshatdim. Tagʻin umi, boshqami, xudo bilsin, shatir-shutur qildi-da, chiqib ketdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Xudo koʻrsatmasin
-
Agar bu kasallik mahalliy xalqqa ham yuqsa bormi, xudo koʻrsatmasin, ana unda koʻrasiz qiyomatni K. Yashin, Hamza
Xudo koʻtarsin! yoki xudo olsin!
-
Zulfizar ichida: Xudo koʻtarsin seni dedi-yu, qadamini tezlatdi. K. Yashin, Hamza
Xudo rahmati yoki xudo rahmat qilsin
-
— Kitoblar ikki joyda yolgʻon aytishni maʼqul degan ekanlar: bittasi — er-u xotinning orasida, ikkinchisi — ikki moʻminni bitirish uchun. Buni xudo rahmati domlam oʻqib berar edilar, — dedi Safar boʻzchi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
[Olchinbek:] Boshingizga tushgan ishlarning hammasidan xabarim bor. Kampirning oʻlimi, xudo rahmat qilsin, yangi yozgan asarlaringizning yoʻq qilinishi K. Yashin, Hamza
Xudo urgan
-
Xoʻjayin togʻang juda xudo urgan odam. Uying kuygur, shuncha yil ishlatib, endi koʻchaga tashlaydimi? Oybek, Tanlangan asarlar
-
Men sizga: Qopongʻich, jangari it topib keling! desam, xudo urgan itni topib kelibsiz. Latifalar
Xudo urdi
-
[Odam] Ichkilikka berildimi, xudo urdi, Obroʻ ketib, yoʻqoladi tamom burdi. T. Yoʻldosh
-
Keyin yerga engashib, qoʻllariga katta bir tosh oldilar. Yuragim shuv etdi: Obbo, xudo urdi, dedim. P. Tursun, Oʻqituvchi
Xudo urdi-ketdi
-
Qoʻying-ey, Rahimjon, gapirmang-ey! Xudo urdi-ketdi. Qizim qoʻlingizga tushgandan beri bir kun roʻshnolik koʻrmadi. A. Qahhor, Sarob
Xudo uribdimi
-
Meni xudo uribdimi, unday deganim yoʻq.
Xudo xayringni bersin
-
Jon birodar, xudo xayringni bersin, bu yaxshiligingni ikki dunyoda unutmasman. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Xudo haqi
-
Xudo haqi, odam haddan tashqari qoʻrqsa, qiziq boʻlar ekan. A. Qahhor, Sarob
Xudoga nima yozdim?
-
[Matpano:] Xudoga nima yozdim? Nahot utgan-ketganning qoʻliga termilib, qarib-chirib ado boʻlajakman? S. Siyoyev, Yorugʻlik
Xudoga soldim
-
Gulsumbibi qizining boshini siladi, yigʻlab gapirdi: — Qoʻy, qizim, Nuri tuhmat qilgan boʻlsa, xudoga soldim. Oʻzi bir kun jazosini tortar, bir kun izza boʻlar. Oybek, Tanlangan asarlar
Xudoga topshirdim
-
Xudoga topshirdim, Kumush, qazom yetib koʻrolmay qolsam, mendan rozi boʻl! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Xudoga (ming marta, beadad) shukur!
-
Xudoga shukur, toʻy koʻrdim, chimildiqqa kirdim, orzu-havas koʻrdim. I. Rahim, Chin muhabbat
-
[Otabek:] Tuzukmisiz, ota? — Xudoga shukur! — dedi Hasanali. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Xudoyimdan oʻrgilay
-
— Xudoyimdan oʻrgilayki, — dedi Kumush entikib va dahshatlanib, — yomonlarning jazosini oʻzi bergan. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
XUDO so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ХУДО so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
xudo so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar