yuz
bilan ulashing
1. 1 Odam boshining old tomoni, old tomondan koʻrinishi; bet.
-
Choʻziq yuz. Qizil yuz. Kulcha yuz. Yuzini yuvmoq.
-
Boshqalar boʻlsa, Niyoz qushbegining soʻzidan keyin hojining yuziga tikilgan edilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Qizgʻin boʻgʻuvchi havo yuzga uradi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Kanizak durrasining uchi bilan yuzini bekitib, teskari oʻgirildi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. Inson betining u yoki bu tomoni; yonoq.
-
Raʼno supaga oyoq solintirib oʻtirib oldi. Kampir uni koʻrib, avval oʻzini yoʻqotib qoʻydi, keyin boʻynidan quchib, u yuzidan, bu yuzidan oʻpdi. A. Qahhor, Koʻk konvert
-
Uning yuzlarida, dudoqlarida yigitning yuragini erituvchi bir tabassum yonadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
bu yigitning surati oʻng yuzidagi qora xoli Shahzodaga uyqu bermay qoʻydi. K. Yashin, Hamza
3. Biror narsaning ustki tomoni, yuzasi; sirt, sath.
-
Qir yuzini lolalar qoplagan. Koʻk yuzini bulut bosdi. Oyning yuzida ham dogʻ bor. Maqol
-
Mana, ikki oyning ichida yaydoq dala yuzi yam-yashil gʻoʻza nihollari bilan qoplandi. Gazetadan
-
Derazalarga urilgan yomgʻir parchalari oyna yuzini yuvib pastga oqardi. E. Raimov, Ajab qishloq
-
uning qor yuzida jimirlab oʻynashi koʻzni qamashtirardi. H. Shams, Dushman
4. Ayrim narsalarning u yoki bu tomoni, tarafi, qirgʻogʻi.
-
Koʻchaning ikki yuzida qator uylar.
-
— Daryoning bul yuzida qolib, ul yuzidagi yoriga yetolmay qaqshagan badbaxt oshiq shoʻri boshimda, — dedi Gʻulomjon. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Musulmonqul Chir-chiq boʻyiga kelib yetganda, qushbegi boshliq Toshkent yigitlari ham suvning berigi yuzida kutib turgan edilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
5. Obroʻ, eʼtibor; yuz-xotir.
-
Er yuzini yer ochar, yer yuzini er ochar. Maqol
-
[Yusufbek hoji:] Har holda hurmatlarini bajo keltir, Margʻilon degan shahardan sening yuzingni deb keladilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
6. Kesish yoki chopish asboblarining tigʻi.
-
Pichoqning yuzi. Boltaning yuzi.
-
Goʻrkov ketmon ursa, yer naq toshday, ketmon yuzini qayiribdi. Oybek, Tanlangan asarlar
7. mat. Tekislik yoki sirtning chiziqlar bilan oʻralgan qismi; sath.
-
Doiraning yuzi. Uchburchak yuzi.
8. yoki Yuziga qaramaslik (bormaslik) Oʻzgaga berish, sarflash va shu kabilarda ayab, hisoblashib oʻtirmaslik.
-
Baraka top, aylanay, yigit degan shunaqa mard boʻlsa. Besh soʻm, oʻn soʻmning yuziga qaramasa! O. Yoqubov, Tilla uzuk
-
Bular bir tiyin, ikki tiyin, besh tiyinning yuziga qaramay, choyga, nonga ortiqcha pul toʻlab ketar edilar. Gʻ. Gʻulom, Shum bola
yuz soʻzi qatnashgan jumlalar:
Yer yuzi
-
Mamatov bilan Boboyorovlar brigadasida shudgor qilish oʻrniga faqat yer yuzi tirmalangan, xolos. Mushtum
-
Toshkent yer yuzining turli joylaridagi birodarlashgan shaharlar bilan mustahkam doʻstlik aloqalarini oʻrnatgan. Gazetadan
Yer yuzini koʻrmoq
-
— Buning oʻz oti oʻzi bilan. Yetti oyda yer yuzini koʻrdi. Yettivoy boʻladi-da, — debdilar [buvim]. E. Raimov, Ajab qishloq
Yorugʻ yuz bilan
-
Barakali yuk bilan dekadaga otlanib, Yashin yorugʻ yuz bilan xushnud qadam tashladi. Mushtum
Yuz amri shirin
-
— Toʻgʻri, yuz amri shirin-da! — Tursun aka jahl bilan eshikni yopib chiqib ketdi. Mushtum
Yuz bermoq
-
Bu shu qadar tez yuz berdiki, Hafiz ham, uning yonida turgan odamlar ham yiqilganidagina koʻrib qolishdi. Oʻ. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
-
Asosiy qurilish ishlari keng quloch ottirilgan boʻlsa, nega bunday hol yuz berishi mumkin?! Oʻzbekiston qoʻriqlari
Yuz koʻrar
Yuz koʻrsatmoq
-
Xayol girdobida choʻmilib yotar, Unda yuz koʻrsatar yashnagan sarob. R. Parfi, Koʻzlar
Yuz ochmoq
-
Yangi bir kitobni varaqlaganday, Kunlar oʻtadi-yu, yuz ochar bahor. Yo, Mirzo
-
Mashina koʻp yurmay, doʻnglikdan oʻtdi-yu, tamomila boʻlak manzara yuz ochdi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
Yuz tutmoq
-
Inqirozga yuz tutmoq.
-
Gulxaniy feodalizm tuzumining tushkunlikka yuz tutgan bir davrida Qoʻqon xonligida yashadi va ijod etdi. OʻTA
-
Yuraklarni qattiq oʻynatgan hovliqish damlari oʻtdi, endi na-fas oʻnglanishga qarab yuz tutdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Yuz oʻgirmoq
-
— Menimcha, uylanishdek nozik bir ish dunyoda yoʻqdir, — dedi Rahmat va Otabekka yuz oʻgirdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Agar yana bir ogʻiz soʻz aytsang, men sendan yuz oʻgiraman! Mirmuhsin, Meʼmor
-
Qarindoshlarimiz ham dadamdan yuz oʻgirishgan. Piyanista deyishadi. E. Raimov, Ajab qishloq
Yuzi yorugʻ
-
Xirmonimiz barakali boʻlsa, davlatimiz, xalqimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻladi. Gazetadan
-
Eshitdim. Haytovur, bechora qizning yuzi yorugʻ boʻldi. N. Safarov, Tanlangan asarlar
Yuzi yoʻq
-
Shu tobda Mir-badal koʻzimga koʻrinarmidi-ya. Yuzi yoʻq ekan! N. Safarov, Tanlangan asarlar
Yuzi chidamaslik
-
Hadeb ishdan javob soʻrab kelaverishga yuzim chidamay qoldi. Mushtum
-
Sodiqjon boyvachcha uch tanob yer, katakdek chorbogʻni anchadan beri koʻz ostiga olib yurar, lekin buni Poʻlat otaga aytishga yuzi chidamay kelardi. K. Yashin, Hamza
Yuzi shuvut
-
Endi yuzi shuvut, nima qilishini bilmay oʻtiribdi. S. Yunusov, Kutilmagan xazina
Yuzi qora
-
oʻz joni va ikki bolasini deb, ikki lochinni tutib bersa, yuzi qora boʻlib, el ichida qanday bosh koʻtarib yuradi keyin. K. Yashin, Hamza
Yuzi qursin
-
Yomonning yuzi qursin.
Yuziga aytmoq
-
U, majlislarda kimning aybi boʻlsa, shartta yuziga aytaverardi. S. Ahmad, Ufq
-
Hozir oʻzlari boʻlganda, yuzlariga aytar edim Yaxshisi, xalaqit bermasinlar. N. Safarov
Yuziga yopiq
-
Burchakda, yerdan ikki yarim gazlar yuksaklikda kun botishga qaratib qurilgan ikkita koʻrimsiz bir betli eshiklar yuzlariga yopiq holda edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Yuziga yopmoq (yoki bekitmoq)
-
Yuvosh gʻiyqillatmaslikka harakat qilib, derazani yuziga yopib qoʻydi. E. Raimov, Ajab qishloq
-
tuvoqni yopib, koʻcha eshikni yuziga bekitdi-da, supaga chiqib, omonatgina yonboshladi. R. Fayziy, Hazrati inson
Yuziga oyoq qoʻymoq (yoki tiramoq)
Yuziga solmoq
-
Uni yuz-xotir qilmay, zolimligini dangal yuziga solishdi. K. Yashin, Hamza
-
Vaholanki, odamlar esida saqlab yurarkan. Yigʻib yurib, yuzingga solarkan. I. Rahim, Zangori kema kapitani
Yuzini yerga qaratmoq
-
Vatanning amri shu, burchingni bajar, Oxiri yuzimni yerga qaratma! Gʻayratiy
-
Hasan akaning yuzini yerga qaratadigan boʻldik. E. Raimov, Ajab qishloq
Yuzini koʻrmoq
-
Dunyo yuzini koʻrmoq.
-
Lermontovning rus dramaturgiyasining ajoyib durdonalari hisoblangan sahna asarlari faqat bir necha oʻn yildan keyingina sahna yuzini koʻrdi. Gazetadan
Yuzini oʻgirmoq
-
— Sizning oldingizda yechinaymi? — Uyalsangiz, men yuzimni oʻgirib turay. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Avom ulardan yuzini oʻgirgan Mirmuhsin, Meʼmor
-
Faqat kechagina yuzini oʻgirib olgan bu sitamkor baxt Madumar oilasiga toʻlib-toshib, quchoq ochib keldi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Qaysi yuz bilan
-
Endi qaysi yuz bilan xalqqa qaraymiz? O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Undoq boʻlsa, bu yerga qaysi yuz bilan keladi? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
1. 1 100 raqami va shu raqam bilan ifodalangan son, miqdor.
-
Yuz qadam. Yuz soʻm. Yuz dona qalam. Bundan yuz yil ilgari. Yuz darajali termometr. Yuzdan bir qism. Yuzgacha sanamoq. Mingni yuzga boʻlmoq.
-
Jiyan, aqling boʻlsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. Tiyin ham pul, yuz., soʻm ham pul. Oybek, Tanlangan asarlar
2. so‘zlashuv tili Koʻp, koʻp marta.
-
Mard bir oʻylar, nomard yuz oʻylar. Maqol
-
Adolat yuz iztirobda toʻlgʻangan qalbini yengdi-yu, boshini koʻtardi. S. Zunnunova, Gulxan
-
Yoʻlchi oʻz onasidan yuz martalab eshitgan gaplarni Mirzakarimboy hikoya qila boshladi. Oybek, Tanlangan asarlar
YUZ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЮЗ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
yuz so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar