barmoq
bilan ulashing
1. Qoʻl va oyoq panjasining beshta harakatchan qismidan har biri.
-
Bosh barmoq. Koʻrsatkich barmoq. Oʻrta barmoq. Besh barmoqning birini tishlasang, bari ogʻrir. Maqol
-
Kuchli izgʻirin quloqlarni kesadi, sovuqdan oyoqlarning barmoqlari uvushadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Momiq paxtalar uning [Gavharning] nozik barmoqlariga oʻzi ilashib chiqar, chanoqlar hayratdan ogʻiz ochib, silkinib qolardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Uning [Gulandomning] barmoqlari dutor qillarida mohir oʻynadi. Oybek, Tanlangan asarlar
2. Taxminan oʻrta qoʻl (barmoq) eniga baravar uzunlik oʻlchovi.
-
Kimga barmoqday, kimga tirnoqday. Maqol
-
Beshta balo nedan kelar, Ikki barmoq tildan kelar. Maqol
-
Boʻyi yerdan toʻrt barmoq koʻtarilgan gʻoʻza oralariga yoyilgan xotin-qizlar paxta oraligʻidagi yot oʻtlarni termoqda edilar. S. Ayniy, Qullar
3. tex. Mashina va mexanizmlarning gʻoʻlacha shaklidagi qismi.
barmoq soʻzi qatnashgan jumlalar:
Barmoq bilan sanarli
-
Sizga oʻxshash mohir quruvchilar barmoq bilan sanarli, betonchilar esa, bitta ham yoʻq. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Agar bunday kishilar ilgari barmoq bilan sanarli boʻlgan boʻlsa, bundan keyin yuzlab, minglab chiqadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Barmoq bosmoq
-
Dehqon yigit quvonch va umidga toʻlib, Ahmad Husayndagi varaqaga barmogʻini bosadi. Oybek, Nur qidirib
-
Ota-buvamizning rasmicha shu barmoqni bosaveramiz-da. S. Ahmad, Hukm
Barmoq vazni
-
Alpomish oʻzbek xalqining milliy sheʼr vazni boʻlgan barmoq vaznida toʻqilgan. H. Olimjon, Alpomish
-
Sizning gʻazallaringizni barmoqdagi sheʼrlaringiz bilan qiyos qilganda, gʻalati bir hodisaga duch kelganman. U. Normatov, Talant tarbiyasi
Barmoq orasidan qaramoq
-
Boʻtaboy aka baʼzan murosa yoʻlini tutganda, siz bunga barmoq orasidan qarayotibsiz. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Barmogʻini bigiz (yoki nayza) qilmoq
-
— Haqorat qilma, — Qobil barmogʻini bigiz qilib, Oʻtapga oʻshqirdi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Barmogʻini qizning koʻziga bigiz qilgan ekan, qiz dod deb yuboribdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Barmogʻini tishlamoq
-
Bilgan bilganin ishlar, Bilmagan barmogʻin tishlar. Maqol
-
Erinchoq ikki ishlar, oxiri barmogʻin tishlar. Maqol
-
Vaqtingni oʻtkazib, barmogʻingni tishlab qolma. Qanotli soʻzlar
-
Hovuzni qishloq ichidan suv tashib toʻldirishga kelganda, hamma barmoq tishlab qoldi. Mushtum
-
Qosimov unga IKomiljonga/ darhol javob qilmadi, aksincha, barmogʻini tishlab, uzoq vaqt jim yurdi. I. Rahim, Ixlos
Besh barmogʻini ogʻizga tiqmoq (yoki urmoq)
-
Besh barmogʻing ogʻzingga tiqma, insof sari baraka deganlar.
Besh barmoqday bilmoq
-
Narsalarning qadrini besh barmoqday biladi. Q. Muhammadiy
-
Toshkentdan kelgan Mirsharipov Xorazm oʻlkasini besh barmogʻiday yaxshi bilardi. J. Sharipov, Xorazm
-
Noila hammani besh barmogʻiday biladi. S. Zunnunova, Olov
Ikki barmoqni burunga tiqib qolmoq
-
Bizning shartimiz shuki yersiz va kam yerli kambagʻallar ikki barmogʻini burniga tiqib qolmasin! M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
— Hali ikki barmogʻimizni burnimizga tiqib yuraveramiz deng? — Zamon hayajonlanib yana soʻradi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Oʻn ikki barmoqli ichak
BARMOQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БАРМОҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
barmoq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar