daryo
bilan ulashing
1. Manbaidan quyilish joyi tomon tabiiy oʻzandan doimiy ravishda oqib turadigan katta suv.
-
Zarafshon daryosi. Azim daryo. Daryo suvi. Daryo boʻyi. Oʻtirgan — boʻyra, yurgan — daryo. Maqol
-
Tomchi toshib boʻlguncha, daryo oqib boʻlar. Maqol
-
Pastlikda Chorvoqdan favvora boʻlib otilib chiqayotgan suv daryo hosil etib, olgʻa boryapti. Gazetadan
-
Kechasi daryo shunaqa chiroyli boʻladiki, Kanizakxon! A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. koʻchma Koʻp miqdordagi narsalar haqida.
-
Xayol daryosi.
-
Botir yorim, bilaman, siz qaygʻu daryosiga mendan chuqurroq botdingiz. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Odamlar daryosi yangi shahar tomonga oqardi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Quyosh botgan. Lekin uning olov daryosi turli ranglar bilan tovlanib, cheksiz bir parda kabi ufqlarda mavjlanadi. Oybek, Tanlangan asarlar
3. koʻchma Bitmas-tuganmas; boy; keng.
-
Taqsirimning ilmlari juda daryo, oʻzlari Buxoroda xatmi kitob qilganlar! A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Xudoyimning bir daryosi gʻazab boʻlsa, ming daryosi rahmat. Hamza, Tanlangan asarlar
4. eskirgan, aynan Dengiz.
5. yoki Shoʻr daryo Daryoyi shoʻr Kaspiy dengizi.
-
Bu argʻumogʻingiz bilan Daryoyi shoʻrgacha yetasiz. Oybek, Navoiy
6. koʻchma Boylik, xazina.
-
Sanʼatkor xalq tili daryosidan oʻrinli foydalana olsa, bir qatrasi bilan serzavq, ancha baquvvat gullar koʻkartira oladi. OʻTA
7. koʻchma Oʻtib ketuvchi, oʻtkinchi.
-
Hayhot! Yoshlik, bolalik bir daryo — oqdi-ketdi. Ming afsus. K. Yashin, Hamza
8. koʻchma Oqim, kechmish; tarz.
-
Oqibatda turmush daryosi istagan tomonga oqizdi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Hamma narsa oʻz yoʻlidan borar, hayot daryosi uni oʻzining oʻynoqi toʻlqinlariga mindirib, hamon olgʻa surardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
daryo soʻzi qatnashgan jumlalar:
Daryo boʻlmoq
-
Oz-ozdan oʻrganib, dono boʻlur, qatradan koʻpayib, daryo boʻlur. Maqol
-
Birlashgan daryo boʻlur, Tarqalgan irmoq boʻlur. Maqol
-
Koʻz yoshi daryo boʻlib oqdi.
-
Yuragim daryo boʻlib Toshdi sevinch qirgʻogʻidan. Yo. Mirzo
-
Daryodan bir tomchi, Toʻngʻizdan bir tuk. Maqol
-
Bu aytganlarim daryosidan bir tomchigina!. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
Yuragi daryo ayn. yuragi keng
-
Hammaning yuragi senikiga oʻxshagan daryomi? Oydin, Farhodlar
-
Buncha yuragingiz daryo boʻlmasa, javrayverib jagʻim toldi, yo ha, yo yoʻq, demaysiz. Mushtum
DARYO so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ДАРЁ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
daryo so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar