odam
bilan ulashing
1. Fikrlash, soʻzlash va mehnat qilish qobiliyatiga ega boʻlgan, shu tufayli boshqa hamma maxluqotdan ustun turuvchi jonli zot; kishi, inson.
-
Ibtidoiy odam.
2. Kishilik jamiyatining ayrim bir aʼzosi, shaxs.
-
Yaxshi odam. Halol odam. Asl odam. Ablah odam. Odam borki, odamlarning naqshidir, odam borki, hayvon undan yaxshidir. Maqol
-
Odam taftini odam koʻtaradi deganidek, Nizomjon kelib, uy toʻlib qolgandek boʻldi. S. Ahmad, Ufq
-
Avaz oʻzicha oʻylandi: Bir ulugʻ odamning, bir gʻaribning janozasiga odam koʻp keladi, deganlari rost ekan-da. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Bular bu yerga oʻtirgani kelgani yoʻq, bir odamni qidirib kelishgan. A. Qahhor, Ogʻaynilar
-
Bizning Nabigul odam emas-e oʻzi! Yosh-da, hali oshna-ogʻaynigarchilikni bilmaydi. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
3. Jamoa xoʻjaligi, oila aʼzolarining har biri; jon.
-
Odam boshiga besh soʻmdan. Xarajat va daromadlarni odamga qarab taqsimlamoq.
-
Hasharga har bir xoʻjalik qirqtadan odam beradi. T. Ashurov, Oq ot
4. Biror boy-badavlat yoki amaldor kishining xizmatkori yoki tarafdori.
-
Keyingi yillarda xon odamlari qishloqma-qishloq yurib, koʻproq paxta ekishni talab qilishyapti. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Bundan keyin gaplarimni uqib oling, modomiki men bilan birgasiz, mening odamimsiz, har bir ishni men bilan bahamjihat qiling. Oybek, Tanlangan asarlar
5. Oʻzga jamoa yoki oila vakili.
-
Lekin qizlaridan yashirincha kuyovnikidan odam kelib qolar, deb kutdilar. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
odam soʻzi qatnashgan jumlalar:
Odam bolasi (yoki farzandi)
-
Odam bolasining qoʻllari qoʻl holida turganda chiroyli ekan. X. Toʻxtaboyev, Yiillar va yoʻllar
-
Tavba, xursandchilik odam bolasini nimalar qilmaydi-ya! M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Otang bolasi boʻlma, odam bolasi boʻl! Maqol
-
He, xotin, ular bizni odam bolasi deb kelgan, odamgarchiligimizdan minnatdor boʻlib, xursand boʻlib ketishdi. Shukrullo, Saylanma
Odam boʻlmaslik
-
Men sevgan doʻstlarimdan ajraldim, odam boʻlmadim, bu kunimdan oʻlganim yaxshi, deb kayf bilan eshikdan kirib kelib qoldi. Shukrullo, Saylanma
Odam boʻlmoq
-
Har bir ota-ona oʻgʻil va qizining odam boʻlishini, baxt-saodatli hayot kechirishini, turmushi lazzatli boʻlishini istaydi. Gazetadan
-
Tursunboyni koʻrib qoldim, ancha toʻlishib, odam boʻlib qolibdi. Yoshlik
Odam qilmoq
-
Gap shuki, shu kanal, shu muhit meni odam qildi. S. Ahmad, Ufq
-
Xudoyqul mening oʻz jigarim, ammamdan qolgan sagʻir. Yetti yoshidan boqib, odam qildim. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Tashlandiq Uralni odam qilgan, shu priyomnikni tuzata olmaysanmi? T. Ashurov, Oq ot
Nima degan odam boʻldi
-
Voy shoʻrim, endi nima qilaman, Rasuljon oldida nima degan odam boʻldim. T. Ashurov, Oq ot
ODAM so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ОДАМ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
odam so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar