qabul
bilan ulashing
1. Taklif, iltimos va shu kabilarga bildirilgan rozilik, maʼqullash.
-
Qabul javobi.
-
Kumush qabul ifodasini bergandan soʻng, qushbegi dahlizda qarab turgan qoʻrboshiga: — Kirsinlar, — dedi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Zavq-safoni tezroq totishga intilgan Mirzakarimboy eʼtiroz qilsa ham, nihoyat, qabulga [nikohni kechiktirishga] majbur boʻldi. Oybek, Tanlangan asarlar
2. Beriladigan, taqdim etiladigan, topshiriladigan narsani olish; qabul qilish.
-
Xirmonlar donga toʻlib, gʻalla ortgan avtomashinalar karvoni qabul punktlari tomon shoshilmoqda. Gazetadan
-
Boysunqur mirzo madrasa qurilishini nihoyasiga yetkazish va tantanali qabul marosimlarini oʻtkazishlariga rahbarlik qilishni ustod Qavomdan iltimos qildi. Mirmuhsin, Meʼmor
3. Ishga, oʻqishga, aʼzolikka, safga, qatorga va shu kabilarga olish, oʻtkazish, qoʻshish.
-
Institutga qabul boshlandi. Kursga qabul toʻxtatildi. Qabul imtihonlari muvaffaqiyatli oʻtdi. Qabul komissiyasi ishga tushdi.
-
— Bu yilgi qabulga mening ham bir oz aloqam bor, — dedi u — harakat qilib koʻrishim mumkin. P. Qodirov, Uch ildiz
4. Suhbatlashish, arz yoki shikoyatni tinglash, koʻrish va shu kabi maqsadlarda kimsa huzurida boʻlish, huzuriga chaqirish yoki qoʻyish.
-
Qabul marosimi. Qabul soatlari. Boshliq qabulida boʻlmoq.
-
Fattoh Ul-masbekov bugungi qabulni bir amallab tugatdi-yu, ammo oʻzi ham bukchayib qolganday boʻldi. Oʻ. Usmonov, Sirli sohil
-
Kunning ikkinchi yarmida Oyqizning qabul vaqti edi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Vrach qabuliga birinchi boʻlib yozilay, deb xoʻroz qichqirmasdan kelgandim. Mushtum
5. Efir toʻlqinlarini oʻziga olish, ushlash, tutish.
-
Qabul qiluvchi apparat. Radiostansiya maʼlumotlarni berib boʻlgach, qabulga oʻtdi.
qabul soʻzi qatnashgan jumlalar:
Dargohida qabul qilmoq
-
Bemor koʻzini ochib, qizchasini yoniga tortdi va pichirladi: — Xudo qizimning saharlari qilgan duosini dargohida qabul qildi. A. Qahhor, Bemor
Qabul qilmoq (yoki etmoq)
-
Taklifni qabul qilmoq. Shartini qabul qilmoq. Uzrni qabul qilmoq.
-
bizlarning bu raʼyimizga qarshi tushib, harchand rad qilsa ham, nihoyatida onasining soʻzini yerda qoldirmaslik uchun qabul qilgan erdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Qiz guldastani qabul qilarkan, mastona koʻzlarini yigitga tikdi. Gazetadan
-
Paxtani oʻz vaqtida qabul qilish, tozalash, avaylab-asrash nihoyatda zoʻr masʼuliyatni talab qiladi. Gazetadan
-
Partiyaga qabul qilmoq.
-
Azizim Siz sanʼatkorlar oilasiga qabul qilindingiz. Mushtum
-
bu ogʻirlik burundan sarmunshiy boʻlgan kishining ustidagi qonuniy vazifa boʻlib kelganlikdan kishilarni uyda qabul qilishga Anvar majbur edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Qaror qabul qilmoq. Rezolyutsiya qabul qilmoq. Tabriknoma qabul qilmoq.
-
Bu masala yuzasidan qaror qabul qilingandan keyin, ikkinchi masalaga oʻtildi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Kosmik kema lokatori harakatga kelib, tezgina toʻgʻrilanib oldi-da, radiodan berilayotgan signallarni qabul qila boshladi. Gazetadan
-
Hazratim, bergan oʻgitingizni bebaho gavhar oʻrnida qabul qilurmiz P. Qodirov, Yulduzli tunlar
-
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning maqtovini ishga oid oddiy gaplardek qabul qilmasa, koʻnglidagi nozik hislarni sezdirib qoʻysa, oʻn jonidan biri ham omon qolmasligini sezdi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
-
Islom dinini qabul qilgan xalqlar.
QABUL so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚАБУЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
qabul so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar