teng
bilan ulashing
1. Oʻlchami, hajmi, katta-kichikligi, soni va shu kabilar jihatidan oʻxshash, bir xil, baravar.
-
Teng masofalar. Uzunligi teng yogʻochlar. Teng yeganni tangri sevibdi. Maqol
-
Biz qachon oʻqiymiz? deb Qamishkapaning teng yarmi boʻlgan ayollar talab qilsa-yu, ularning talabini qondirish birinchi galda sovetning vazifasi emasmi? P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Ikki tomoni teng boʻlgan uchburchak teng yonli uchburchak deyiladi. Geometriya
2. Yoshi jihatidan baravar, tengdosh, tengqur.
-
Teng bolalar.
-
Oʻktamboy ham oʻz tenglari ichida durkun, orqasida olti pud yuk koʻtarish bilan maqtanadirgan yigit. A. Qodiriy, Obid ketmon
3. Ahamiyati, tutgan oʻrni, mavqeyi, nufuzi, haq-huquqi va shu kabilar jihatidan oʻxshash, bir xil, baravar.
-
Bu yerda u [Elmurod] birinchi marta oʻzini boshqalar bilan teng odam his qilar edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Uning [Umri] uchun olamda oʻziga teng odam yoʻq, u bilgan odamlar yo oʻzidan past, yo oʻzidan yuqori. A. Qahhor, Xotinlar
-
Toʻlib yetilgan qiz endi uning [yigitning[ koʻz oldida tengi topilmas goʻzal boʻlib qoldi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
[Xumorxon:[ Burungi vaqtda erlarga choʻri boʻlgan xotinlar hozir erlar bilan teng. A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
4. Bir-biriga mos, muvofiq, munosib.
-
Tengini topsang, tekin ber. Maqol
-
Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan. Maqol
-
Chin doʻst tugʻishganing bilan teng. Maqol
-
Men hech sening tenging emasman. Omonim bor — seni demasman. H. Olimjon
-
Akasi munosib, axloqli, odobli, or-nomusli yigit boʻlsa, bu qiz ham uning tengi, munosibi edi. Mushtum
5. ravish Bir-biridan qolishmay yoki oʻz-may, ayni bir paytda, bir vaqtning oʻzida; baravar.
-
Ular teng tugʻilgan. Bu koʻchatlar teng ekilgan. Teng ishlamoq.
-
Tohir-Zuhra holidan bir kalima eshiting: Oʻqib, oʻynab bir bogʻda ulgʻayar edilar teng. S. Abdulla, Tohir va Zuhra
6. koʻm. vzf. (3-shaxs egalik shaklida) Tenglik jihatdan oʻxshatish, qiyos maʼnosini bildiradi; qatori.
-
Bu — qotmadan kelgan, qoracha, leytenant Sultonov tengi yigit edi. Oʻ. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
-
Anvar uz tengi bolalar bilan oz aloqa qilar, ularga kam aralashar edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
[Oqiljon] Oʻzi yaxshigina, siz tengi kishi edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Xalq tengi dam olmoq — bu huquqimiz Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
teng soʻzi qatnashgan jumlalar:
Teng baravar
-
Teng baravar foyda olmoq.
Teng boʻlmoq
-
Qovunni olti kishiga teng boʻlmoq. Yongʻoqlarni bolalarga teng boʻlib bermoq;
-
Mana, oʻsha qadimiy choʻl Baxshilar: Uncha-muncha yer unga yeng boʻlmas, yeng boʻlsa ham, teng boʻlmas, deb atagan choʻl. A. Poʻlat, Choʻldagi mashʼal
-
Keyin oʻgʻlining qoʻltigʻidan olib, bir chetga tortdi: — Bular bilan teng boʻl-mang, oʻgʻlim. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Teng kelmoq
-
Mahalladagi turli qiziqchiliklar va hazilvonliklarda Yusufjonga teng keladigan yoʻq edi. T. Obidov, Yusufjon qiziq
-
Odamlar zavq bilan hazil qilishdi: — Sizga teng kelib boʻladimi? Sizdan yiqilib, bir hafta belimizni ololmay yurmaylik tagʻin, qoʻying-ye. P. Tursun, Oʻqituvchi
Teng koʻrmoq (yoki qaramoq)
-
Dadamiz hammamizni teng koʻrar edilar;
-
Hademay, masʼuliyat hissini gʻurur yengdi: Boʻtaboy hech kimni oʻziga teng koʻrmaydigan boʻlib qoldi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Teng sherik
Tengi yoʻq
-
Orol boʻyidagi koʻchmanchi qabilalarga aql-farosatda tengi yoʻq, husnda tanho Oltinoy ismli ayol boshchilik qilar ekan. Oʻzbekiston qoʻriqlari
-
— Yerni kovlash ishlari boʻlsa, mana bu ogʻaynilarga qoʻyib bera-siz, — dedi yosh choʻpon chap qatorda oʻtirgan aka-ukalarni koʻrsatib, — quduq qazishda bularning tengi yoʻq. Mirmuhsin, Meʼmor
Tuproq bilan teng qilmoq
-
Urush koʻp shahar va qishloqlarni tuproq bilan teng qildi;
-
[Gʻofir:] Men hali kelib-kelib odamgarchilikni, diyonatni, nomusni tuproq bilan teng qilgan sizday razil, xotinfurush qoʻshmachilar oldida shunchalik past tushdimmi?! Hamza, Boy ila xizmatchi
TENG so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ТЕНГ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
teng so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar