tuproq
bilan ulashing
1. Yerning kovlash, chopish, haydash, ezilish va shu kabilar natijasida hosil boʻlgan yumshoq qismi, qatlami.
-
Bir hovuch tuproq. Tuproq uyumi. Oʻrani tuproq bilan koʻmib tashlamoq. Tuproq olsang, oltin boʻlsin. Maqol
-
Chuqurliklardan irgʻitilayotgan tuproq okoplarning chap qirgʻoqlarida togʻ boʻlib koʻtarilmoqda. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Boʻsagʻani toʻrt enlik tuproq qoplagan. S. Siyoyev, Yorugʻlik
2. Yer qobigʻining oʻsimlik rizq olib oʻsadigan ustki qatlami; yer.
-
Qora tuproq. Qumloq tuproq. Tuproq xaritasi. Tuproq-iqlim sharoiti.
-
Mirzachoʻlning tuprogʻi Boʻlar yoshlikning bogʻi, Toshar sevgi bulogʻi, Toʻldirib dil jomimni. Yo, Mirzo
-
Sharoitga qarab paykallarga chigit suvi berilmapti, chunki tuproq qatlamida nam ancha kamayib qoldi. Gazetadan
-
Tuproq — hosilning negizi, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining tabiiy shart-sharoitlaridan va yagona vositalaridan biri. Fan va turmush
3. Oʻlgan kishining xoki; xok.
-
[Qurbon ota:] Bir siqim tuprogʻim begona yurtda qolib ketmasa ekan, degan oʻyga bordi. A. Qahhor, Toʻy
4. koʻchma Maʼlum yurt, oʻlka, mamlakatga qarashli hudud.
-
Hozirgi Oʻzbekiston tup-rogʻida yashagan qadimgi xalqlar oʻzlarining mustaqil, boy madaniyatlariga ega boʻlganlar. K. Yashin, Hamza
-
Ular endi Movarounnahr tuprogʻida edilar. Bu roʻyi zamin dunyodagi eng goʻzal va eng muqaddas mamlakat edi. Mirmuhsin, Meʼmor
tuproq soʻzi qatnashgan jumlalar:
(Bu yerning) tuprogʻi ogʻir
Tuproq bilan teng qilmoq
-
Men hali kelib-kelib odamgarchilikni, diyonatni, nomusni tuproq bilan teng qilgan sizday razil, xotinfurush, qoʻshmachilar oldida shunchalik past tushdimmi?! Hamza, Boy ila xizmatchi
-
Qoʻshni xalqlarga bosqinlar uyushtirdi, oʻzga yurtlarni vayron etdi; oʻsha xalqlarning asrlar davomida vujudga keltirgan madaniy boyliklarini tuproq bilan teng qildi. S. Karomatov, Oltin qum
Tuproqdan tashqari
-
Yaralarimning hammasi ham uncha ogʻir emas, mana, tuproqdan tashqari yuribman. Sharq yulduzi
Tuproqqa topshirmoq
-
Oʻgʻli Shodmonbekning Fargʻona jangidan qaytmagani, uni oʻz qoʻli bilan tuproqqa topshirgan Nizomiddinning ham tuproqqa qoʻshilib ketgani yomon iz qoldirgan bu ustalar xonadonida anchadan buyon xafaqonlik, motamsarolik hukm surardi. Mirmuhsin, Meʼmor
Tuprogʻi sovimasdan
-
Qanday ota u? Oyimning tuprogʻi sovimasdan choʻri qizga uylanadimi? Oybek, Tanlangan asarlar
Tuprogʻi tortmoq
-
Bu ishlar — xudoning ishi, xaloyiq, Yo tuprogʻim, non-nasibam tortgandi, Elni yigʻing, yuring, jovliq ketamiz. Yusuf va Ahmad
Tuprogʻi shu yerdan olingan
-
— Doʻsmatov oʻzimizniki, — dedi Sotvoldi, — Doʻsmatovning tuprogʻi shu yerdan olingan. Hech qayoqqa ketolmaydi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Tuprogʻini yalamoq
-
Xalqimning zulmatli kechasida loaqal jinchiroq boʻlarmikanman, deb Madrasa tuprogʻini olti yildan beri yalab keldim. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
TUPROQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ТУПРОҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
tuproq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar