harakat
bilan ulashing
1. Kishi va narsalarning yoki ularning qismlarining tinch holatdan chiqishi: qoʻzgʻalishi, qimirlashi va shu kabilar; tinch holatga qarama-qarshi holat.
-
Odamlarning koʻzlarida, harakatlarida qandaydir notinchlik sezdi Yoʻlchi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Uning yurishlari, kiftlarining harakati nihoyatda chiroyli edi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Bu qorongʻilikda allaqanday maxluqlarning lip-lip harakati arang koʻzimga chalinardi. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Qudratli gʻildiraklar harakatidan kelayotgan ovoz Oybekni xayolga chorladi. Gazetadan
2. Ishni bajarishda faoliyatning holati, bajaruvchining faoliyat tarzi, yoʻsini.
-
Hali oʻrinlarini yigʻishtirib ulgurmagan jangchilarning harakatida shoshqaloqlik koʻrindi. Shuhrat, Shinelli yillar
3. Kishi tana aʼzolarining maʼlum bir maʼno, mazmunni ifodalovchi harakat-holati.
-
Tabib qoʻrboshiga nimadir dedi. Uning yuz va qoʻl harakatidan sizdan nima ketdi, bir koʻraylik, degan maʼno anglashilib turar edi. A. Qahhor, Koʻr koʻzning ochilishi
-
Ular eng ibtidoiy tilga — harakatlar, imolar bilan fikr uqtirishga murojaat qildalar. Oybek,Tanlangan asarlar
-
Xotin uning harakatidan oʻpich ber degan maʼnoni angladi A. Qahhor, Notiq
4. Biror ishga kirishish, biror narsa qilishga urinish; intilish, tirishish.
-
Oʻgʻlini oʻqitish uchun qilgan hamma harakatlari bekor ketdi.
-
Sherali hamshiraning harakatini kuzatarkan, yuragi siqilib, zoʻrgʻa gapirdi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Mutalning birinchi harakati boʻsh ketdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Ahmadjon bir harakat bilan pulemyot tepkisini bosdi. A. Qahhor, Oltin yulduz
5. Payida boʻlish; taraddud.
-
Rejamiz amalga oshayotganiga suyunib, toʻy harakatiga tushdik. Mushtum
-
Qorining xotini dasturxon harakatida yurganida, u gap boshladi. Mirmuhsin, Bir xum tilla
-
Yaxshisi, qayin otangga uzringni aytib, bu uydan ketish harakatini qil. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
6. Xatti-harakat; qiliq.
-
Uning bu harakatlari koʻpchilikni ranjitdi.
-
Sirojning gap va harakatlaridan samimiyat, soddalik yogʻilib turar edi. F. Musajonov, Huri
7. Makonda biror yoʻnalish boʻyicha boʻladigan siljish, yurish va boshqalar
-
Koʻcha harakati. Yoʻl harakati qoidalari. Transportlar harakati.
8. koʻchma Oʻsish, rivojlanish.
-
Jamiyat olgʻa qarab harakat qilar ekan, yoshlar ham oʻsha baravarda oʻsishlari kerak. Gazetadan
9. fls. Moddaning yashash usuli, uning umumiy ajralmas xususiyati, moddiy dunyoning oʻzgarishi va rivojlanishining toʻxtovsiz jarayoni.
-
Modda doimo harakatda.
-
Materiyaning asosiy namoyon boʻlishi esa harakat, fazo va vaqt bilan bogʻlangandir. Fan va turmush
10. Maʼlum maqsadga qaratilgan aqliy yoki jismoniy faoliyat; ish, mehnat.
-
Harakat, harakatda — barakat. Maqol
-
Polvonyopda kecha-yu kunduz harakat toʻxtamas, yuk ortilgan kemalar bu keng, sunʼiy anhor orqali Amudaryoga borar, undan Orol dengiziga tushib, Gʻazzoliga ketardi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
11. koʻchma Belgili maqsad koʻzda tutilgan ijtimoiy faoliyat.
-
Milliy ozodlik harakati. Ishchilar harakati. Tajovuzkorlik harakati. Yadro qurollaridan voz kechish harakati.
-
Afgʻoniston mustaqilligini koʻzlovchi yosh afgʻonlar harakati boshlanadi. Mirmuhsin, Chodrali ayol
12.
harakat soʻzi qatnashgan jumlalar:
Harakat qilmoq
-
U yigʻlab yubormaslikka shuncha harakat qilsa ham boʻshadi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Bola taqlidchi boʻladi, u oʻz otasiga taqlid qilishga harakat qiladi. S. Zunnunova, Yangi direktor
HARAKAT so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҲАРАКАТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
harakat so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar