ko‘rsat
bilan ulashing
1. Koʻrmoq feʼlining orttirma nisbati.
-
Kitoblarni koʻrsatdi.
-
Shogird yigit Murodni koʻrsatdi. T. Murod, Oq ot
2. Namoyish qilmoq; amalda isbotlamoq; bildirmoq.
-
Bilimdonligini koʻrsatdi. Doʻstligini koʻrsatdi. U [Ahmadjon] mehnatga boʻlgan qobiliyatini ayniqsa kolxozda koʻrsatdi. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Bu yigit boshqa hech ishda oʻzini koʻrsatmagan edi, shu ishga qoʻydik, bunda oʻzini koʻrsatdi. A. Qahhor, Kartina
3. Dalil keltirmoq, aytib yoki namoyish qilib isbotlamoq.
-
Bahona koʻrsatmoq. Dalil koʻrsatmoq. Sabab koʻrsatmoq.
-
Bunga nima vaj koʻrsatasiz? Koʻrdingizmi, koʻrsatayotgan vajingizning oʻzi vajga muhtoj. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
4. Nishon bermoq; dalolat, ishora qilmoq, bildirmoq.
-
Bu narsa koʻrsatadiki, Mirzakarim otam dunyo lazzatini yaxshi tushunadilar, yana koʻp vaqt bu lazzatdan bahramand boʻlishni istaydilar. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Lekin kechasi koʻringan butun alomatlar dushman shitob bilan chekinayotganini koʻrsatar edi. A. Qahhor, Oltin yulduz
5. Biror ish yoki vazifani bajarish uchun birovning muvofiqligini, munosibligini aytmoq, nomzodini taklif etmoq.
-
Aravakash Yoʻlchini chaqirdi: — Katta oyimning yumushlari bor ekan. Menga buyurgan edilar. Ishim zarurligidan sizni koʻrsatdim. Siz uchrashing. Oybek, Tanlangan asarlar.
6. so‘zlashuv tili Adabini, taʼzirini bermoq; oʻch olmoq.
-
Qachongacha ovozimni boʻgʻadilar; tirikman — tinchimayman. Koʻrsataman ularga! Oybek, Tanlangan asarlar
-
Xaloyiq oldida meni beobroʻ qilishning oqibatini sen it qoriga bir koʻrsatib qoʻyay hali! M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
7. Qilib, etib ravishdoshlari bilan birikib, ular boshqargan soʻzdan anglashilgan belgi yoki xususiyatga ega ekanlikni isbotlashga, bunga boshqalarni ishontirishga urinmoq maʼnosida ishlatiladi.
-
Birovni yomon qilib koʻrsatma. Oʻzini bilarmon qilib koʻrsatmoq.
-
Galkin oʻzini qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan qilib koʻrsatishga intilar edi. K. Yashin, Hamza
8. Ayrim otlar bilan birikib, shu otlar bildirgan ish-harakat, narsani qilish, namoyon etish maʼnosini bildiradi.
-
Gʻayrat koʻrsatmoq. Jasorat koʻrsatmoq. Matonat koʻrsatmoq. Taʼsir koʻrsatmoq. Qarshilik koʻrsatmoq. Gʻamxoʻrlik koʻrsatmoq. Hurmat koʻrsatmoq.
-
Gulnorning gʻoyib boʻlishi Yoʻlchiga yashin urgan kabi taʼsir koʻrsatdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
[Azizbek:] Bunchalik gʻayrat koʻrsatgan fuqarolarga rahmat, dunyo turguncha tursinlar! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Bunda, ayniqsa, kashmirlik darvesh jonbozlik koʻrsatdi. K. Yashin, Hamza
ko‘rsat soʻzi qatnashgan jumlalar:
Jonini koʻziga koʻrsatmoq
-
— Islom, men bu itning vangillashini eshitmoqchiman, jonini koʻziga bir koʻrsatib qoʻy, — dedi gʻazabdan koʻzining paxtasi chiqib ketgan Ergash. K. Yashin, Hamza
Ish koʻrsatmoq
-
Hozirgi zamon ish koʻrsatganniki. U. Ismoilov, Saylanma
Yoʻl koʻrsatmoq
-
Yoshlarga yoʻl koʻrsatmoq.
-
Kechirim soʻrab, xat yoz, yoʻl koʻrsatadi Ergash. Guldasta
Kunini koʻrsatmoq
-
Sen shoshmay tur hali otamga aytib beraman, kuningni koʻrsatadi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Oyogʻi (yoki oyogʻining uchi) bilan koʻrsatmoq
-
u bilgan odamlar yo oʻzidan past, yo oʻzidan yuqori; oʻzidan past odamni oyogʻi bilan koʻrsatar, oʻzidan yuqori odamning esa oyogʻiga yiqilar edi. A. Qahhor, Sarob
Qorasini koʻrsatmaydi
-
Bu nima gap, qizim? Aqlli, hushli, kap-katta yigit birdan qorasini koʻrsatmay ketsin! Oybek, Tanlangan asarlar
KO‘RSAT so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КЎРСАТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ko‘rsat so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar