parda
bilan ulashing
1. Xonani quyosh nuri, shamol va hokazolardan toʻsish yoki bezak uchun deraza, eshik va shu kabilarga tutiladigan gazlama, mato.
-
Eshik pardasi. Duxoba parda. Chiy parda. Chimildiq pardasi. Parda tutmoq. Pardani ochmoq.
-
Anvarmurod keng derazalarning shohi pardalarini koʻtardi. Oybek, Nur qidirib
-
Xodimlarga xonalarni beruxsat tark etish, eshik va derazalarni ochish man etildi. Derazalarga qalin parda va qora qogʻozlar tutildi. Yoshlik
-
Chimildiq pardasi tushirilib, ikkovi yolgʻiz qolgach. qiz uning pinjiga suriladi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
2. koʻchma Borliqni koʻzdan berkitib, toʻsib turgan narsa, masalan qorongʻilik, tuman, bulut, koʻz yoshi.
-
Chimyon togʻining choʻqqilari parda orasida turgandek, xiragina tuman ichra koʻzga tashlanadi. Mirmuhsin, Umid.
-
Ana, koʻkka tutashgan choʻqqilarni palaxsa-palaxsa bulutlar qoplab, butun olam kulrang pardaga oʻralganday boʻldi. H. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
-
— Uyatsiz! — U koʻz oʻngini toʻsgan yosh pardasidan hech nimani koʻrolmay, tusmollab, stol yoniga bordi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
3. so‘zlashuv tili Ekran, kino ekrani.
4. anat. Organizmda ayrim aʼzolarni qoplab, oʻrab yoki bir-biridan ajratib turadigan yupqa toʻqima.
-
Oʻpka pardasi. Oʻrdakning panjasidagi suzish pardasi. Yurak pardalari. Quloq pardasi.
-
Yoshgina yigit barvaqt olamdan oʻtdi. Ichkilik tufayli uning oʻpka pardalarini zardob oʻrab, sil xastaligiga duchor etdi. Gazetadan
5. Sahna asarining yoxud filmning mustaqil voqelikdan iborat tugal bir qismi.
-
Pyesaning uchinchi parda oltinchi koʻrinishi. Shohi soʻzana pyesasi toʻrt pardadan iborat.
-
Dramaning birinchi pardasi boshlandi. S. Ahmad, Saylanma
6. Teatrda tomosha boshlangunga qadar sahnaga ilingan mato.
-
U sahna chekkasiga surib qoʻyilgan parda oldiga borganda, konsert qizib ketgan edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Parda ochilgandan to tomosha tugaguncha zal kulgidan larzaga tushdi. S. Ahmad, Yulduz
7. koʻchma Biror holatni yashirish vositasi, toʻsib turuvchi niqob.
-
Din ilm-fan yuziga parda tortmaydi. Qanotli soʻzlar
-
Nusratbekning yuzlaridagi shuncha yillar niqob boʻlib kelgan ziyolinamo yumshoqlik pardasi yirtilib, jagʻ paylari, yonoqlari qizarib boʻrtdi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
-
baʼzan kimgadir yaxshi koʻrinish ilinjida vijdonning koʻzini nafs pardasi bilan pana qiladi. Yoshlik
-
Yana bir narsani aytib qoʻyay: er-xotin oʻrtasida parda boʻlishi shart. Yoshlik
8. aynan Tovush paychalari.
-
Men seni kuylamoq istayman. Ammo shunday kuylasamki, yirtilib ketsa ovoz pardalarim. A. Oripov, Yillar armoni
9. Parda (erkaklar ismi).
1. musiqa Torli cholgʻu asboblari dastasini boʻgʻinlarga ajratuvchi toʻsiqlar.
-
Oʻtkinchi bir musofir Tor qorongʻu hujrada Oʻqirdi yangi doston, Oʻynab qoʻli pardada. Gʻayratiy
-
Shodlik kuychisisan, baxt bulbulisan, Ayni avj pardada jaranglar sozing. Uygʻun.
2. Sharq musiqa nazariyasida: muayyan balandlikdagi tovush.
-
U hamma vaqt boshqa qoʻshiqlarga qaraganda bir-ikki parda balandda yuradi. S. Ahmad, Yulduz
-
Tursunoy qoʻshiqlari, nafis ovozi qalbning intim hissiyotlariga monand, kuy pardagariga uygʻun. Saodat
PARDA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ПАРДА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
parda so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar