teg
bilan ulashing
1. Bir-biriga yoki bir narsaga bevosita yonma-yon, uchma-uch kelib taqalmoq, yopishmoq, urinmoq.
-
Shaftolilar mevasining koʻpligidan yerga tegib yotibdi. Parda yerga tegib turibdi. Kekkayganga kekkaygin, boshing koʻkka yetguncha, Enkayganga enkaygin, boshing yerga tegguncha. Maqol
-
Bir mahal kimningdir qoʻli yelkasiga teggandek boʻldi. S. Ahmad, Yulduz
-
Dilshod musicha iniga qoʻl choʻzganda, soʻri orasidan oʻtkazilgan elektr simiga tegib, yerga qulagan edi. Gazetadan
-
U ihrab-sihrab yonboshiga oʻgirilgan edi, oʻpkasiga shamol tegib, yoʻtal tutdi. Mushtum
2. Zarb bilan urilmoq.
-
Mevali daraxtga tosh tegar. Maqol
-
Xotin chars bedanaday patillab, qochmoqchi boʻlganida, yuzini karnaygulning poyasiga urib oldi: yuzi butoqqa yomon tegdi, koʻngli ozdi. A. Qahhor, Mayiz yemagan xotin
-
Toʻp borib, Buviniso xolaning koʻchaga qaragan derazasiga tegib, bir koʻzini chil-chil qildi. R. Fayziy, Sen yetim emassan
-
Nemis mukkasi bilan yiqildi. Uning avtomati Bektemirning qoʻliga qattiq tegdi. Oybek, Quyosh qoraymas
3. Tomib, sachrab, surkalib iz, dogʻ qoldirmoq, yuqmoq.
-
Paltongizga boʻyoq tegibdi.
-
Sening soqolingga teggan bir qatra shira mening fuqarolarimga bir kunlik ov-qat boʻladi. A. Qahhor, Bashorat
-
Yengingizga qon tegibdi, qarang! Mirmuhsin, Meʼmor
4. Qoʻl, kuch bilan teginmoq, ushlamoq; daxl qilmoq.
-
Agar tegsa, men ham tushiraman, deb lunjini poylab turibman. H. Nazir, Yonar daryo
-
Bu gʻoʻzalarning shoxlab ketishi asosiy shoxning biron sabab orqasida singanligi yoki mol-hol tegganligi natijasi, bu har kimga maʼlum. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Nusratilla kirmadi. — Bir tiyiningizga tegganim yoʻq, — deb ichkari hovliga oʻtib ketdi. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Suvsar kemiruvchilarga qiron keltirgan boʻlsa ham, uy parrandalariga tegmaydi. Gazetadan
5. koʻchma Daxl qilmoq, taʼsir etmoq.
-
E, senga tegib ketdimi, hali Birovlarni kamsitishga kim huquq berdi senga? P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Uning bu gapi boshqalarga ham tegib ketdi K. Yashin, Hamza
6. Borib yoki kelib yetmoq (masalan, yuborilgan narsa haqida), topshirilmoq.
-
Telegramma tegdi. Xat bilan sovgʻa haliyam teggani yoʻq.
-
Bir necha kundan soʻng ushbu mazmundagi xat qoʻlimga tegsa ajab emas. O. Moʻminov, Xiyobondagi uch uchrashuv
-
Did va ixlos bilan bezatilgan oʻn ikkita rango-rang kitobcha jurnalxonlarga borib tegdi. Gazetadan
7. Rasamadda maʼlum hissa, ulushga ega boʻlmoq, ulushiga tushmoq, nasib etmoq.
-
Suv chiqadi-yu, lekin boyga yarasha chiqadi. Bu suvdan bizga tuyaning dumi yerga yetganda tegadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Yagona stul Ahmadga tegdi. F. Musajonov, Nozik masala
-
Baʼzan jon boshiga bazoʻr yarim stakandan tegadigan ichimlik suvini gul tagiga quyi-shar edi. T. Rustamov, Mangu jasorat
8. Xotin boʻlmoq, turmushga chiqmoq.
-
Xoʻsh, Zargarov amaldor emas, yelkasiga arqon tashlab, bozorda yurgan hammol boʻlsa, tegarmidingiz? A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
-
Koshkiydi qoracha boʻlib tugʻilgan boʻlsam, koʻrgami, kalgami tegib, sizning soʻzlaringizni eshitmas edim! M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
9. Baʼzi soʻzlar bilan qoʻllanib, shaxs yoki narsaga shu soʻz anglatgan narsa boʻlishini, yetishini bildiradi.
-
Foydasi tegmoq.
-
Yotoqxona binosini chor atrofdan koʻm-koʻk daraxtlar qoplagan boʻlsa ham, bizga buning nafi tegmaydi. Guldasta
-
Ularning gunohini yengillashtirish kerak, xudo yorlaqab, zora bizga ham bir oz savobi tegib qolsa! U. Ismoilov, Saylanma
-
Ishqilib, doʻstlariga zarari tegmasa boʻldi — boshqasidan qoʻrqmaydi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
teg soʻzi qatnashgan jumlalar:
Asabiga tegmoq
Boshi yostiqqa tegmoq
Gap tegmoq
-
Nasibaning oʻzi oʻqishni xohlamasa, hech kimga gap tegmaydi. A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
-
Boʻlmasa sizlarga ham, menga ham gap tegadi. Guldasta
Yelkasi yerga tegmagan
-
Asakalik mashhur qimorboz Qulmat qora toʻrtolchilarning yelkasi yerga tegmagan kuzuri edi. A. Muxtor, Opa-sin-gillar
Javob tegmoq
-
Bugun Sherzodning palatasidagi semiz bemorga javob tegdi. Oʻ. Hoshimov, Nur borki, soya bor
Jagʻi-jagʻiga tegmay
-
Sattorqul bosh vrachning kabinetiga kirdi-yu, jagʻi-jagʻiga tegmay sayrab ketdi. Mushtum
Jigʻiga tegmoq
Jon(i)ga tegmoq
-
Kambagʻallik jonga tegmagan vaqt, joniga tegmagan odam boʻlganmikin? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Izzat-nafsiga tegmoq
It teggan
-
Agar it tegmagan boʻlsa, pokman, nomusim joyida desang, kel, beri kel. M. Mansurov, Yombi
Koʻz tegmoq
Koʻngliga tegmoq
Nafsoniyatiga tegmoq
Odam (yoki inson) oyogʻi tegmagan
-
Bu yer odam oyogʻi tegmagan toʻqay. Chalpak yoqqan kun
Orqasiga (yoki yelkasiga) oftob tegdi
Ogʻzi(ga) tegdi
-
Erkak kishining ogʻziga tegdimi Yuring, bogʻga chiqamiz. N. Safarov, Sharq tongi
-
Olma, oʻrik va shu kabi tar mevalar ham birin-ketin pishib, odamlarning ogʻizlariga tegdi. K. Yashin, Hamza
Peshonasi devorga tegmoq
-
Peshonam devorga borib taq etib tegdi. Onam, kelinoyim, oʻrtoqlarim haq. Yoshlik
Tegganga tegib, tegmaganga tosh (yoki kesak) otmoq
-
U [Asrora] yoshligida tegganga tegib, tegmaganga kesak otardi. S. Ahmad, Ufq
-
Tekin pul, tekin maishatdan taltayib ketgan Ahmedov hozir tegganga tegib, tegmaganga kesak otadigan boʻldi. Mushtum
Yarasiga tegmoq
-
yaxshi koʻrgan bu odamini maqtayman deb, uning yarasiga tegib ketganini bilmay qoldi. A. Muxtor, Boʻronlarda bordek halovat
Qitigʻiga tegmoq
-
Bir qitigʻiga tegaymi, zora yigitlik gʻururi varaja qilsa! T. Murod, Ot kishnagan oqshom
Quloqqa tegmoq
-
Bolam, sen qaydan eshitding?! Sening qulogʻingga tegmasin, deb yurar edim. Yodgor
Qoʻli tegmoq
-
Shoh xizmatiga kirgandan beri esa deyarli qoʻli tegmay qoldi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Qoʻli qoʻliga tegmaslik
-
Dalalarda hayot qaynaydi, bobodehqonning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Gazetadan
Qoʻndoqda teggan
-
Ana shu mudir Salimovning qoʻndoqda teggan bir kasali bor. Mushtum
Gʻashiga tegmoq
-
Zimmasiga tushayotgan vazifa Sobirning gʻashiga tegdi. F. Musajonov, Himmat
Hamiyatiga tegmoq
-
Uning oxirgi gapi Mansurning hamiyatiga tegdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
TEG so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ТЕГ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
teg so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar