bel
bilan ulashing
1. Orqa suyakning (umurtqa pogʻonasining) pastki qismi.
-
Odamning beli. Otning beli. Beli bukchaygan. Bel muskullari. Bel ogʻrigʻi.
-
Beli sinib yotgan sarboz ham oyga tikilar, undan najot yoʻq. Mirmuhsin, Meʼmor
2. Gavdaning koʻkrak qafasi bilan boʻksa oʻrtasidagi eng xipcha qismi; biqin.
-
Beli yoʻgʻon odam. Beli xipcha qiz.
-
Tortishmachoq boshlandi: qiz tomondan gupchakdek yum-yumaloq xotin belini belbogʻ bilan mahkam bogʻlab, oʻrtaga tushdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Ular qizning boʻyi, beli, yelkasi va qoʻllarini oʻlchab yozib olishdi. I. Rahim, Ixlos
-
Buviniso ikki qoʻli bilan belini ushlab, qaddini koʻtardi. Oydin, Hikoyalar
3. koʻchma Yon, choʻntak yoki belbogʻ maʼnosida.
-
Belimda pul, boshimda savagʻichdan toʻqilgan katta qafasda kukkulab turgan bir juft qumri. Gʻ. Gʻulom, Shum bola
-
Besh-oʻn qogʻozni belimga tugib, ust-boshimni but qilib yurtimga joʻnab ketay degandim. Oybek, Tanlangan asarlar
-
— Belimdagi zogʻora nonni suvga botirib yeb, kunni kech qildim, — dedi qalandar yigit Avazga. S. Siyoyev, Yorugʻlik
4. Biror narsaning oʻrta qismi, oʻrtasi.
-
Shoʻxsoy qishloqning qoq belidan ayqirib oqadi. H. Nazar, Soʻnmas chaqmoqlar
-
Poʻlat abzal, nayzalar sinib borar belidan. Nurali
-
U [Qoʻqon J Soʻx daryosi va undan tara-lib chiqadigan koʻplab ariqlardan sugʻoriladigan vohaning oʻrta belida joylashgan. K. Yashin, Hamza
5. koʻchma Jismoniy yoki moddiy kuchning ramzi.
-
Yomonga el boʻlguncha, Yaxshiga bel boʻl. Maqol
6. geogr. Togʻ va tepaliklarning egarsimon eng baland joyi.
-
Boʻz yigitlar bir gʻayrati toshib, Necha togʻdan, necha bellardan oshib Yodgor
-
Seni mingan beklar daryoday toshdi, Necha bel-u necha togʻlardan oshdi. Malikayi ayyor
7. Belini sindirmoq Katta moddiy, jismoniy yoki maʼnaviy zarar yetkazmoq.
-
Behuda harakat belni sindiradi. Maqol
-
Gapning belini sindirmanglar, jim turing, Haydarcha gapiraversin. S. Ayniy, Jallodlar
-
hosil nobud boʻldi, ishimizning beli sindi. S. Ayniy, Qullar
bel soʻzi qatnashgan jumlalar:
Beli ogʻrimoq
-
— Yosh, yangi dehqon-da, hali beli ogʻrimagan! — deydi Xolmirza aka. A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
Bel ogʻritmoq (yoki qayishtirmoq)
-
Ha, boʻlmasa, joningiz achiganimi bu? Yerni belingiz qayishib chopganingizda, joningiz achir edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Beli ogʻrimaganning non yeyishiga qara (yoki non yeyishini koʻr)
Bel olishmoq (yoki ushlashmoq)
-
Elmurod sahn oʻrtasida toʻplanishgan yoshlar tomonga ketdi. Bu yerda kurash boshlangan boʻlib, Davlatyor bilan Maʼmurjon bel olishmoqda edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Bel ushlashganda, otangni ayama. Maqol
-
Sidiqjon sizga shogird tushmoqchi. Mallavoy kuldi: — Men bilan bel ushlashmoqchi deng. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bel bogʻlamoq
-
Doʻstlarim Siz bilan biz ulugʻ ishga bel bogʻladik. Bu gʻoyat xatarli ish. Ammo biz qoʻrqmaymiz. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Bobur juda bir qaltis ishga bel bogʻlaganini sezdi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
Beliga tepmoq
-
Senmisan? Ammo uyquning ham beliga tepding-da, Tinchlikmi oʻzi? O. Yoqubov, Pyesalar
-
Suhbat avjiga chiqqanda kirib kelgan ikki yigit gapning beliga tepdi. S. Mahkamov, Dala tongi
Belini koʻtarmoq
-
ekin maydonlarini koʻpaytirish kolxozning belini koʻtarishga katta kuch boʻlar edi. S. Zunnunova, Olov
Beli uzilmoq
-
Biz xudoning suygan bandalarimiz, bizga osilganlarning beli choʻrt uziladi! K. Yashin, Hamza
Belini bukmoq
-
Toʻgʻri, sening qaroring juda toʻgʻri, qurolimiz boʻlmasa, Kuropatkin belimizni bukib qoʻyadi! N. Safarov
Yer qazish, sochilgan narsalarni olib solish, toʻplash uchun ishlatiladigan yogʻoch sopli temir qurol; belkurak.
-
Bel bilan yer kovlamoq. Belni peshlagan bilar, yerni ishlagan bilar. Maqol
-
Koʻp gapirgandan koʻra, qoʻlingga belni ol-da, dalaga chiq. Yoshlik
BEL so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БЕЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bel so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar