baquvvat
bilan ulashing
1. Kuch-quvvati normal darajadan ortiq, zoʻr jismoniy kuchga ega boʻlgan; kuchga toʻla, kuchli.
-
Baquvvat odam. Baquvvat yigit. Baquvvat ayol. Baquvvat ot.
-
Mirzaboy jismonan ancha baquvvat edi. Yoshlik
-
Togʻda gavdali, baquvvatlar kerak boʻladi, deb oʻyladi. Shuhrat, Shinelli yillar
-
Bu erkak oʻzi suyanib turgan qoyadek dagʻal va baquvvat, quyoshdek issiq va huzurbaxsh edi. Yoshlik
2. Organizm biror qismining sogʻlom, boʻliq va kuchga toʻlaligini ifodalaydi.
-
Baquvvat qoʻllar. Baquvvat tishlar. Baquvvat yelka. Baquvvat panja. Baquvvat soch.
-
Yigit supa oldida toʻxtab, xaltasini qoʻydi, uzun, baquvvat qoʻllarini cholga choʻzdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Zargarov baquvvat iyagini asta koʻtarib, kipriklarini pirpiratgancha Ziyodaga tikilib qoldi. A. Muxtor, Asarlar
-
koʻkrak choʻntagidan tarogʻini olib, qunduzday baquvvat sochini taradi. S. Anorboyev, Oqsoy
-
Yem yegan otlar baquvvat oyoqlarini kerib tashlab, qoʻsh kosilkani erkin sudrab ketdilar. S. Anorboyev, Oqsoy
3. Pishiq, mustahkam.
-
Baquvvat ip. Baquvvat kursi. Baquvvat panjara.
-
Tojini amirzoda haramiga olib borishib baquvvat kursiga oʻtqazib, qoʻl-oyogʻini unga mahkam bogʻlashdi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Dorobbek derazaning baquvvat temir panjaralaridan ichkariga moʻraladi. D. Nuriy, Osmon ustuni
-
Hovlida bir uy, bir ayvon, yana bir hujra bor. Eski, ammo hali baquvvat. Oybek, Tanlangan asarlar
4. Yaxshi oʻsgan, baravj, boʻliq, yoʻgʻon.
-
Yoʻngʻichqa siznikimi? Yosh ekan hali, juda baquvvat oʻsibdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Gʻoʻzaning hosildor shoxlari baquvvat, yetuk edi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
Tolning toʻgʻri oʻsgan baquvvat shoxlari xodacha oʻrnida islatiladi. Gazetadan
-
Adil, baquvvat qaragʻaylar koʻzlarni beixtiyor oʻziga tortdi. Oybek, Quyosh qoraymas
5. Harakatlantiruvchi katta kuchga ega, quvvatli.
-
Baquvvat motor. Baquvvat texnika. Baquvvat traktor.
6. koʻchma Badiiy jihatdan pishiq, mazmunli.
-
Dramatik poemada personajlar nutqi sheʼriy jihatdan baquvvat, aforizmga boy, hayajonli, taʼsirli boʻlishi kerak. OʻTA
-
Baquvvat sheʼr kerak dastgoh vaznida. Azamat bolgʻaning har zarbi bir sheʼr. A. Muxtor, Asarlar
-
Teatrning ham asosiy, ham kichik sahnasida bir necha baquvvat spektakllar koʻrsatildi. OʻTA
7. Katta boylikka ega boʻlgan, badavlat, davlatmand; tayanchi, suyanchigʻi bor.
-
Tangriqul hoji baquvvat xoʻjalik edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
— Tagi baquvvatmikin? — Baquvvatki, u yoq-bu yogʻi yoʻq. Yoshlik
baquvvat soʻzi qatnashgan jumlalar:
Baquvvatmisiz?
-
— Baquvvatmisiz, otajon? — Alhamdulillo. Oybek, Tanlangan asarlar.
-
Oʻzing salomatmisan? Oʻzing baquvvatmisan, Shokir? Yoshlik
Baquvvat tortmoq
-
Mehnat bilan kishi qarimaydi, yetiladi, baquvvat tortadi. Gazetadan
Baquvvat qilmoq
-
koʻkragimni isitib, belimni baquvvat qilib turgan xatni-ya! I. Rahim, Chin muhabbat
Beli baquvvat
-
Eli baquvvatning beli baquvvat. Qanotli soʻzlar
-
Shunday zamonda uning qiziga oʻn besh ming beradigan beli baquvvat topilarmikan? P. Tursun, Oʻqituvchi
Iligi baquvvat
-
Iligi baquvvat ekan! Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
Imoni baquvvat
-
Imoningiz doimo baquvvat boʻlsin. K. Yashin, Hamza
-
gʻazal mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy va bular kabi aziz ulamo-yu fuzalolar musulmon, imoni baquvvat zotlar boʻlganlar. K. Yashin, Hamza
-
Baquvvat ekandir tanda imoning. Yusuf va Ahmad
BAQUVVAT so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БАҚУВВАТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
baquvvat so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar